Jamiyat | 15:30
7781
2 daqiqa o‘qiladi

Kogonda sexda chaqnash ro‘y berdi, 4 kishi halok bo‘ldi

2025 yil 6 dekabr kuni Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan «Shams LTD» MChJga qarashli portlovchi moddalar ishlab chiqarish sexida chaqnash (portlash) sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida 4 nafar ishchi halok bo‘ldi, yana bir necha xodim turli darajada tan jarohati oldi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, soat 09:40 da «Mustaqillik» MFY hududida joylashgan korxona ishlab chiqarish sexida chaqnash (portlash) yuz bergan va natijada yong‘in chiqqan. Yong‘in Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 7 ta qutqaruv bo‘linmasi tomonidan soat 10:27 da to‘liq o‘chirilgan.

Ma’lum qilinishicha, chaqnash sodir bo‘lgan paytda omborxonada 30 nafar ishchi bo‘lgan. Ulardan 4 nafari voqea joyida vafot etgan. Yengil darajada tan jarohati olgan 4 nafar xodim shifoxonaga joylashtirilgan, shulardan 2 nafariga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berilgan.

«Shams LTD» MChJ 2019 yildan buyon Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tog‘-kon sanoati korxonalari ehtiyojlari uchun yangi konlarni o‘zlashtirishda qo‘llaniladigan portlovchi moddalarni ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashgan korxona hisoblanadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi raisi A.Rafiqov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat hukumat komissiyasi tuzish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.

Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, portlash oqibatlarini bartaraf etish, baxtsiz hodisa kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Hozirda yong‘in sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, portlash oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid