Jahon | 11:08 / 06.12.2025
1566
3 daqiqa o‘qiladi

Litva Belarusdan kelayotgan meteozondlar tufayli favqulodda holat joriy qiladi

Litvada favqulodda holat kelasi hafta joriy etiladi, deb ma’lum qildi hokimiyat vakillari. Bu qaror Belarus tarafidan kelayotgan, kontrabanda yuklash uchun ishlatiladigan meteozondlar oqimi va ularning Vilnyus aeroporti ishiga xalal berishi munosabati bilan qabul qilingan.

Foto: Uncredited/AP Photo/picture alliance

Litva hukumati kelasi hafta Belarusdan kontrabanda yuklari bilan uchirilayotgan sharlar mamlakat fuqarolik xavfsizligi uchun tug‘dirayotgan xavf sabab favqulodda holat e’lon qiladi. Bu haqda 5 dekabr, juma kuni, jurnalistlarga Litva bosh vaziri Inga Ruginene meteozondlar tufayli fuqarolik aviatsiyasi ishining izdan chiqishining oldini olish choralari yuzasidan Seym fraksiyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.

“Mutaxassislar shu xulosaga keldiki, aynan favqulodda holat shakli hozirgi kunda eng maqbul yechim hisoblanadi. Men ularning fikriga quloq tutaman, shuning uchun kelasi hafta favqulodda holatni e’lon qilamiz”, — deya Ruginenening so‘zlarini keltiradi Delfi Litva yangiliklar portali. Bosh vazirning aytishicha, hozirda bu rejimni joriy etish uchun “huquqiy baza va hujjatlar ishlab chiqilmoqda”. Agar vaziyat o‘zgarmasa, hukumat “kelgusida yana qo‘shimcha choralar ko‘rishni ham istisno etmayapti”.

Bundan oldin, Vilnyus aeroporti ishiga xalal berayotgan meteozondlar oqimi to‘xtamagani bois, Litva hukumati favqulodda holat e’lon qilish niyatida ekani haqida bosh vazir maslahatchisi Ignas Dobrovolskas va tashqi ishlar vaziri Vladislav Kondratovich ma’lum qilgani to‘g‘risida LRT portali xabar bergan edi. Shuningdek, Litvada favqulodda holat rejimiga xos bo‘lgan ayrim chora-tadbirlar allaqachon amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

Litva Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri Belarus hududidan Litva havo hududiga “meteozondlar” deb ataluvchi sharlar kirib kelishiga oid yuzlab holatlar qayd etilgan. Kontrabandachilar sigaretalarni chegaradan yashirincha o‘tkazish uchun aynan shu usuldan foydalanmoqda. Kuz faslidan boshlab meteozondlar Vilnyus va Kaunas xalqaro aeroportlariga bevosita yaqinlashishni boshlagan, shu sabab ular bir necha bor parvozlarga cheklovlar joriy etishga majbur bo‘lgan.

Ushbu holatlar ortidan Litva hokimiyati oktyabr oyi oxirida Belarus bilan chegarani vaqtincha yopib qo‘ydi. Shundan so‘ng Belarus Yevropa ittifoqi hududiga yo‘nalgan, Litva raqamlariga ega yuk mashinalarining chiqib ketishini yopib qo‘ydi. Noyabr oyida chegara yana ochildi.

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen dekabr boshida Litvaga nisbatan amalga oshirilayotgan gibrid hujumlarga javoban Belarusga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanayotganini ma’lum qildi. U Belarusdan kelayotgan havo sharlarining Litva hududiga kirishini “butunlay qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb atadi va Litva bilan “birdamlik”ni izhor etdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid