Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: AQSh va Ukraina Mayamida muzokaralarni davom ettirmoqda
Axios manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina va AQSh vakillari o‘rtasidagi muzokaralar 5 dekabr kuni qayta boshlangan va ularning dam olish kunlari ham davom etishi kutilmoqda. Mayamidagi oldingi uchrashuv 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan.
Foto: AP
AQSh va Ukraina vakillari Rossiya boshlagan keng ko‘lamli urushni tugatishga qaratilgan ehtimoliy tinchlik rejasi yuzasidan Mayamida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda juma, 5 dekabr kuni, amerikalik va ukrain amaldorlarga tayanilgan holda Axios axborot portali xabar berdi.
Ukraina delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov hamda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Andrey Gnatov rahbarlik qilmoqda. Payshanba kechqurun ular AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari — hafta boshida Rossiyaga tashrif buyurgan Stiven Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashdi. Ismi oshkor etilmagan amerikalik amaldorga ko‘ra, ikki soatlik uchrashuv “ijobiy ruhda” o‘tgan. Juma kuni muzokaralar yana davom ettirildi. Shanba, 6 dekabr kuni ham muzokaralar davom etishi kutilmoqda.
Tramp elchilari va ukrain muzokarachilari o‘rtasidagi yangi uchrashuv haqida “Ukrainskaya pravda” nashri, shuningdek Reuters va AFP agentliklari ham o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Mayamidegi muzokaralar 2 dekabr kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Stiven Uitkoff va Jared Kushnerning deyarli besh soat davom etgan uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilmoqda. Ushbu uchrashuvdan keyin Rossiya tomoni tinchlik rejasining “murosali varianti” yo‘qligi haqida bayonot bergan edi.
Axios nashri suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, Uitkoff va Kushner ukrain delegatsiyasini Putin bilan uchrashuv tafsilotlari va tomonlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni yengib o‘tishga ko‘maklashishi kerak bo‘lgan yangi g‘oyalar haqida batafsil xabardor qilgan.
Nashr ta’kidlashicha, Ukraina va Rossiyaning ommaga ma’lum rasmiy pozitsiyalari o‘zaro mos kelmaydiganday ko‘rinsa-da, AQSh rasmiylari eng murakkab — hududiy masala bo‘yicha ham murosa topish mumkinligiga hanuz ishonib qolmoqda.
Mavzuga oid
16:15
Mersga Kremldan "hujum": AQShning Ukraina bo‘yicha roli atrofida bahs kuchaymoqda
15:44
AQSh YeI davlatlarini Kiyevga Rossiya aktivlari hisobidan kredit bermaslikka chaqirdi
15:10
AQSh NATOdagi majburiyatlarning asosiy qismini Yevropaga o‘tkazmoqchi
13:54