Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Iroqdagi «Lukoyl» ulushini Amerika kompaniyasiga topshirishni qo‘llab-quvvatladi
AQSh Iroqning «G‘arbiy Qurna-2» konini boshqarishni Amerika kompaniyasiga topshirish rejalarini qo‘llab-quvvatlamoqda, deb xabar beradi Bloomberg agentligi AQSh Davlat departamentiga tayanib.
AQSh hukumati Iroqning «G‘arbiy Qurna-2» neft konidagi «Lukoyl» ulushini Amerika kompaniyasiga o‘tkazish rejasini qo‘llab-quvvatlamoqda, deb xabar beradi Bloomberg agentligi dushanba, 8 dekabr kuni AQSh Davlat departamenti vakili bayonotiga tayanib. Bu amerikaliklar tomonidan Rossiya neft kompaniyasiga nisbatan sanksiyalarni kuchga kiritishni ma’lum muddatga kechiktirish haqidagi qarori amalda tugashiga bir necha kun qolgan bir paytga to‘g‘ri keladi.
Qayd etilishicha, «G‘arbiy Qurna-2» konida Iroq neftining taxminan 10 foizi qazib olinadi. Nashrga ko‘ra, o‘tgan hafta Iroq neft vazirligi Amerika kompaniyalariga ushbu kondagi nazorat aksiya paketini sotib olish taklifini yo‘llagan.
Qaysi korxonalar haqida gap ketayotgani bo‘yicha vazirlik ma’lumot bermadi. Biroq Bloomberg yozishicha, Amerika kompaniyalari, jumladan Exxon Mobil Corp. va Chevron Corp. «Lukoyl» aktivlarini o‘z zimmasiga olishga qiziqish bildirgan. Agentlikning noma’lum manbasi so‘zlariga ko‘ra, Iroq bu holatda Exxon kompaniyasini afzal ko‘radi, chunki u avvalroq qo‘shni «G‘arbiy Qurna-1» konini o‘zlashtirgan.
«Biz Iroq neft vazirligi tomonidan Exxon va Chevron kompaniyalari bilan tuzilgan dastlabki kelishuvlardan, shuningdek, yaqinda «G‘arbiy Qurna-2» konini Amerika operator-kompaniyasiga topshirish majburiyatidan ilhomlandik», — deya Davlat departamenti bayonotidan iqtibos keltiradi Bloomberg.
Avvalroq, 2 dekabr kuni, Reuters agentligi Iroqdagi besh anonim manbaga tayanib, Exxon kompaniyasi «G‘arbiy Qurna-2» konidagi «Lukoyl» aktivlarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini xabar qilgan edi. Ushbu konda «Lukoyl» ulushi 75 foizni tashkil qiladi, qolgan 25 foiz Iroqning North Oil Company kompaniyasi mulki hisoblanadi.
Rossiyaning neft qazib oluvchi «Lukoyl» va «Rosneft» kompaniyalari, shu jumladan ularning 34 ta shu’ba va tarmoq korxonalari joriy yil oktyabrida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davom etayotgan bir paytda AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostiga tushgan.
Shundan so‘ng «Lukoyl» o‘zining xorijiy aktivlarini sotishga qaror qildi. Ularga da’vogar sifatida Shveytsariyaning Gunvor kompaniyasi chiqdi, uning asoschilaridan biri Rossiya prezidenti Vladimir Putinning do‘sti Gennadiy Timchenko hisoblanadi. Vashington Gunvor’ning Moskva bilan bog‘liqligiga ishora qilgan holda ushbu bitimni to‘sib qo‘ydi va Ukrainadagi urush tugamaguncha kompaniyaga biznes yuritish uchun litsenziya berishdan bosh tortdi.
17 noyabr kuni Reuters agentligi xabariga ko‘ra, «Lukoyl»ning ayrim xorijiy aktivlarini sotib olish imkoniyatini Amerikaning Chevron kompaniyasi ham ko‘rib chiqmoqda.
AQSh Moliya vazirligi «Lukoyl»ga nisbatan sanksiyalarning amal qilishiga berilgan muhlatni bir necha bor uzaytirib, rus kompaniyasiga xorijdagi aktivlarini sotishga imkoniyat berishga urindi. 4 dekabr kuni AQSh Moliya vazirligi «Lukoyl»ning Rossiyadan tashqarida joylashgan yonilg‘i shoxobchalari faoliyatini 2026 yil 29 apreliga qadar davom ettirishga ruxsat beradigan umumiy litsenziya taqdim etdi.