Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gidroenergetika gigantlari: insoniyat qurgan eng qudratli beshta to‘g‘on
Butun dunyo bo‘ylab ulkan to‘g‘onlar insoniyatning katta muhandislik rejalari va yutuqlarining jonli isboti sifatida qad rostlagan. Ular faqat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun emas, balki toshqinlar oldini olish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va suv oqimlari kuchi orqali butun mintaqalar qiyofasini butunlay o‘zgartirish uchun ham barpo etilgan.
«Uch dara» to‘g‘oni Foto: Wikimedia
Quyidagi ro‘yxatda inson tomonidan qurilgan eng kuchli beshta to‘g‘on jamlangan bo‘lib, ularning tanlanishi o‘rnatilgan gidroenergetik quvvatiga asoslangan. Har bir shunday mega-loyiha o‘nlab yillik rejalashtirish, katta investitsiyalar va innovatsiyalar samarasidir.
1. «Uch dara» to‘g‘oni (Xitoy) – 22 500 megavatt
Yanszi daryosida barpo etilgan «Uch dara» (Sansya) to‘g‘oni bugungi kunda dunyodagi eng kuchli GES sifatida tan olingan. Uning uzunligi 2300 metrdan ortiq, balandligi esa 181 metrni tashkil etadi. Qurilish 1993 yilda boshlangan bo‘lib, 2006 yilda yakunlangan. Bu ulkan beton inshoot katta miqyosli gidromuhandislikda «imkon darajasi» chegaralarini qayta belgilab berdi.
To‘g‘on yiliga 90 milliard kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, u Xitoyda eng ko‘p toshqin kuzatiladigan daryo tizimlaridan biri hisoblangan Yanszi suv sathini tartibga solishga yordam beradi.
Inshoot shuningdek daryoda kema qatnovini jiddiy ravishda yaxshiladi: yuk tashish quvvati 18 million tonnadan taxminan 50 million tonnagacha oshgan, tashish xarajatlari esa 30 foizga kamaygan.
2. Bayxetan to‘g‘oni (Xitoy) – 16 000 megavatt
2022 yili to‘liq ishga tushgan Bayxetan to‘g‘oni Xitoy gidroenergetikasi rivojida yangi bosqichni ifodalaydi. Tszinsha daryosida joylashgan bu inshoot 289 metr balandlikka ega bo‘lib, har biri 1000 megavatt quvvatga ega turbinalardan foydalanadi — bugungacha yaratilgan eng kuchli gidroagregatlar.

20 milliard kub metrdan ortiq hajmga ega suv ombori yil davomida katta miqdorda barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Bayxetan yiliga 62 milliard kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarib, Xitoyning ko‘mirga bog‘liqligini keskin kamaytiradi. Qurilish taxminan 13 yil davom etgan bo‘lib, mamlakatning uzoq muddatli energiya xavfsizligini mustahkamladi — ayniqsa, iqtisodiyotni kam uglerodli rivojlanish yo‘liga o‘tkazishning hal qiluvchi pallasida. Stansiya g‘arbiy provinsiyalarni ham elektr energiyasi bilan ta’minlab, sanoat o‘sishini tezlashtiradi va avval yetarli ta’minotga ega bo‘lmagan hududlarda energiya infratuzilmasini yaxshilaydi.
3. Itaypu to‘g‘oni (Braziliya–Paragvay) – 14 000 megavatt
Itaypu to‘g‘oni Braziliya va Paragvay o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik ramziga aylangan. 1984 yili Parana daryosida barpo etilgan bu inshoot 20 ta yuqori quvvatli turbina bilan jihozlangan.

1350 kvadrat kilometr maydoniga ega Itaypu suv ombori ikki mamlakat energetika tizimi uchun hayotiy ahamiyatga ega. Paragvay o‘z elektr energiyasining 87 foizga yaqinini aynan Itaypudan oladi, shu bois to‘g‘on mamlakat milliy infratuzilmasining asosiy tayanch nuqtalaridan biri hisoblanadi.
4. Silodu to‘g‘oni (Xitoy) – 13 860 megavatt
Tszinsha daryosida joylashgan Silodu to‘g‘oni dunyodagi eng yirik va eng baland yoysimon (arkali) to‘g‘onlardan biri hisoblanadi. Qurilish ishlari 2005 yilda boshlanib, 2013 yilda yakunlangan. Inshootning balandligi 285,5 metrga yetadi va u Xitoyning muhim elektrostansiyalaridan biriga aylangan.

12,67 milliard kub metr hajmga ega suv ombori samarali ravishda suv oqimini nazorat qilish imkonini beradi va quyi oqimda joylashgan «Uch dara» to‘g‘onida to‘planuvchi cho‘kma moddalar miqdorini kamaytirishga ko‘maklashadi.
5. Belu-Monti to‘g‘oni (Braziliya) – 11 200 megavatt
Belu-Monti to‘g‘oni Braziliyaning Para shtatidagi Shingu daryosida qurilgan bo‘lib, 24 ta turbina agregatiga ega innovatsion konstruksiyadan foydalanadi. Qurilish 2011 yil mart oyida boshlangan va 2019 yilda yakunlangan.

Braziliyaning eng yirik elektrostansiyasi sifatida Belu-Monti taxminan 60 million kishini elektr energiyasi bilan ta’minlashga yetadigan quvvatda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi, bu esa mamlakat umumiy talabining taxminan 10 foizini qoplaydi.
Bu beshta to‘g‘on insoniyatning tabiiy suv resurslarini mislsiz ko‘lamda o‘zlashtirish qobiliyatini yaqqol namoyon etadi. Ular orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalari yaratiladi, toshqinlar ustidan muhim nazorat ta’minlanadi va dunyoning turli mintaqalarida yuzlab million odamlarga xizmat qiladigan suv xo‘jaligi infratuzilmasi vujudga keladi.
Mavzuga oid
01:11 / 13.10.2025
Xitoy Tibetda ulkan to‘g‘on qurishni boshladi – OAV
19:01 / 22.02.2025
Nurek, Rog‘un va Qambarota-1 – dunyodagi eng baland to‘g‘onlar qayerda qurilgan?
12:06 / 17.01.2025
“O‘lim to‘lqini” – Italiyadagi Vayont to‘g‘onida nega suv toshgan edi?
10:16 / 06.11.2024