O‘zbekiston | 08:47
3979
2 daqiqa o‘qiladi

Bahrom Norqobilov Ohangaron tumani hokimi etib tayinlandi

Xalq deputatlari Ohangaron tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, Bahrom Norqobilov Ohangaron tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Shu munosabat bilan tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Doniyor Madirimov vazifasidan ozod etildi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Xalq deputatlari Ohangaron tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar yuzasidan ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida tumanda sanoatni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Sessiya kun tartibidan tashkiliy masala ham o‘rin oldi. Unga ko‘ra, Ohangaron tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Madirimov Doniyor Mamatsaliyevich o‘z lavozimidan ozod qilindi.

Zoyir Mirzayev Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Bahrom Turayevich Norqobilov nomzodini Ohangaron tumani hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

Kun tartibidagi masala xalq deputatlari Ohangaron tumani kengashi deputatlari tomonidan muhokama qilindi va Bahrom Norqobilov nomzodi jamoatchilik va mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tumanni kompleks rivojlantirishga qodir rahbar sifatida qo‘llab-quvvatlandi. Sessiya yakunida deputatlar uni Ohangaron tumani hokimi etib tasdiqlash haqida qaror qabul qildilar.

Navbatdan tashqari sessiyada prezident maslahatchisi o‘rinbosari P.Bobojonov ham ishtirok etdi. U tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy loyihalar va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosini yanada jadallashtirish zaruratini ta’kidlab o‘tdi.

Mavzuga oid