O‘zbekiston | 13:11 / 10.12.2025
1628
2 daqiqa o‘qiladi

Dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga 35 trillion so‘m yo‘naltiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda 2026 yilda dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga 35 trillion so‘m yo‘naltirilishi, paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni yanada oshirish bo‘yicha qator yangi chora-tadbirlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbariga ko‘ra, paxtachilikda mexanizatsiyalash darajasini 85 foizga yetkazish maqsadida kelasi yil yana 800 ta terim mashinasi, 450 ta ko‘p funksiyali seyalka va 3 ming dona plyonka yig‘adigan mashina olib kelinadi. Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi hisobidan fermerlarga paxta yetishtirish uchun har bir gektarga ajratiladigan mablag‘ 1,4 barobar oshirilib, 17,5 million so‘mga yetkaziladi.

Umuman, 2026 yilda paxtachilikdagi ishlar va dehqon-fermerlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini moliyalashtirish uchun 35 trillion so‘m ajratilishi belgilandi.

G‘allachilikda ham sho‘r, suvsizlik va issiqqa chidamli yangi navlarni yaratish va joriy etish ishlari kuchaytirilishi ta’kidlandi. Yaqinda Meksikadagi Jahon makkajo‘xori va g‘allachilik tadqiqotlar markazidan 100 dan ziyod yuqori hosildor navlar olib kelingani, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo va Jizzaxdagi g‘allachilik institutlarini modernizatsiya qilish uchun Jahon banki mablag‘idan 10 million dollar yo‘naltirilgani qayd etildi.

Shuningdek, o‘z mablag‘i hisobidan g‘alla yetishtirgan fermerlarga ham paxtadagi kabi hosilining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratish tizimi joriy etilishi prezident nutqida alohida ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid