O‘zbekiston | 11:02 / 10.12.2025
2805
2 daqiqa o‘qiladi

Paxta va g‘allachilikda hosildorlik oshiriladi: prezident qarori qabul qilindi

O‘zbekistonda paxta va g‘alla yetishtirish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Prezidentning «Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Qarorga muvofiq, 2026 yil uchun quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi:

  • zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish orqali paxtachilikda hosildorlikni gektaridan 50 sentnerdan oshirish;
  • g‘allachilikda hosildorlikni gektaridan 100 sentnerga yetkazish;
  • ilm-fan yutuqlari va ustoz-shogird an’analariga asoslangan yangi tizim orqali paxtachilikda hosildorlikni oshirish.

2026 yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar tuproqning 1 bonitet baliga nisbatan normativ hosildorlikka (ts/ga) 0,7 koeffitsiyentni qo‘llagan holda ajratiladi.

Bunda, imtiyozli kreditning 0,6 koeffitsiyentdan oshgan qismi uchun likvidli garov ta’minoti taqdim etiladi.

Paxta yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, plyonka, tomizg‘ichli shlanglar xarid qilish xarajatlari ham imtiyozli kreditlar hisobidan qoplanadi. Imtiyozli kreditlar tijorat banklari orqali har yili yanvar–avgust oylarida ajratiladi.

Yil davomida imtiyozli kredit limitining 50 foizgacha qismidan foydalangan paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga belgilangan tartibda sotilgan paxta qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya ajratish tizimi joriy qilinadi.

Qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar paxta va g‘allachilikda intensiv texnologiyalarni keng joriy etish, fermerlar yukini yengillashtirish va yerdan samarali foydalanish hisobiga yuqori hosilga erishishga xizmat qilishi qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid