Jahon | 15:04 / 10.12.2025
1497
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya Politico xabariga raddiya berdi: «YeI rejasiga qarshi emasmiz»

Politico nashrida Tokio go‘yo Ukrainaga yordam berish maqsadida muzlatilgan rus aktivlaridan foydalanish bo‘yicha YeI rejasini qo‘llab-quvvatlamagani haqida chop etilgan xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb ma’lum qildi Yaponiya Moliya vazirligi.

Foto: AP

Yaponiya hukumati OAVda tarqalgan, Tokio go‘yo Yevroittifoqning muzlatilgan rus aktivlaridan Ukrainani moliyalashtirish uchun foydalanish rejasiga qo‘shilish haqidagi taklifni rad etgani to‘g‘risidagi xabarlarni inkor etdi. «Bu mutlaq yolg‘on», — dedi moliya vazirining xalqaro masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Atsushi Mimura seyshanba, 9 dekabr kuni Politico nashri xabariga izoh berar ekan.

Reuters agentligi keltirgan o‘rinbosarning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya Kiyevni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarorlarni o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qiladi, chunki mamlakat bir kuni Sharqiy Osiyoda shunga o‘xshash vaziyatga duch kelishi mumkin.

Avvalroq Politico onlayn-nashri muhokamalar borishi bilan tanish bo‘lgan ikki yevropalik diplomatga tayanib, "katta yettilik" (G7) mamlakatlari moliya vazirlarining 8 dekabrdagi uchrashuvida Yaponiya o‘z hududida muzlatib qo‘yilgan taxminan 30 milliard dollarlik rus aktivlarini Ukrainaga "reparatsiya krediti" berish uchun musodara qila olmasligini bildirdi, deb xabar qilgan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, Yaponiya moliya vaziri Satsuki Katayama bu mablag‘lardan yuridik sabablarga ko‘ra foydalanishni istisno etgan.

«Vazir Katayama hech qachon bunday izoh bermagan», — dedi jurnalistlarga Mimura. Yaponiya Moliya vazirligi rahbar o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Katayama Tokio Ukrainaga qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatish uchun «aniq qadamlar» ko‘rishga tayyorlanayotganini aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid