Jahon | 16:01 / 11.12.2025
1761
3 daqiqa o‘qiladi

Avstriya AQShga Dmitriy Firtashni bermaslik haqida yakuniy qaror qabul qildi

11 yillik sud jarayonlaridan so‘ng ukrainalik oligarx Dmitriy Firtash Avstriyadan AQShga ekstraditsiya qilinmaydigan bo‘ldi. Venadagi sud prokuratura shikoyatini formal asoslarga tayangan holda rad etdi.

Foto: Reuters

Avstriya AQShga ukrainalik biznesmen Dmitriy Firtashni bermaslikka masalasiga nuqta qo‘ydi. Venadagi Oliy sud chorshanba, 10 dekabr kuni ma’lum qilishicha, u bir kun oldin prokuraturaning apellyatsiya shikoyatini formal asoslar tufayli rad etgan. Shu tariqa, 2024 yil noyabridagi qaror — xalqaro huquq bo‘yicha mavjud immunitet sababli uni ekstraditsiya qilishni rad etgan sud qarori kuchga kirdi.

Oliy sud o‘z qarorini prokuratura apellyatsiya berish uchun belgilangan muddat allaqachon o‘tib bo‘lgani bilan izohladi.

AQSh Firtashni chet elda korrupsiyaga qarshi qonunni (Foreign Corrupt Practices Act) buzganlikda ayblab, uning ekstraditsiyasini talab qilib kelayotgan edi. Qo‘shma Shtatlarda uni Hindistondagi hukumat a’zolarini pora berish orqali Hindistonning Andxra-Pradesh shtatida joylashgan titan konlarini o‘zlashtirishga ruxsat olishga uringan, deb ayblashmoqda. Biznesmen esa o‘zini aybdor deb bilmasligini, jinoyat ishi unga nisbatan siyosiy sabablar bilan qo‘zg‘atilganini ta’kidlab keldi.

2014 yilda oligarx AQSh Adliya vazirligining, uni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovi asosida Avstriyada qo‘lga olingan, ammo keyinroq 125 million yevro miqdorida garov evaziga qamoqdan ozod etilgan. Qo‘shma Shtatlarda unga 50 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va mulkini to‘liq musodara qilish jazosi xavf solib turibdi.

G‘arbiy tahlilchilar va ukrainalik rasmiylar bir necha bor ta’kidlashicha, Dmitriy Firtash Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bog‘liq aloqalari tufayli Ukrainadagi eng nufuzli sanoatchilardan biri bo‘lgan. 2000-yillarda u Ukraina va Yevropaga Rossiya gazini yetkazib berishni nazorat qilgan davlat gaz treyderi — «RosUkrEnergo» kompaniyasida asosiy shaxs bo‘lgan. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Firtash Kreml uchun qulay vositachi rolini o‘ynagan va shuning evaziga imtiyozli narxlarda 20 mlrd kub metrdan ortiq gaz, shuningdek «Gazprombank»dan 11 mlrd dollardan ortiq kredit olgan.

Mavzuga oid