Sog‘lom hayot | 12:31 / 11.12.2025
5674
2 daqiqa o‘qiladi

Barcha dorixonalar “Elektron retsept” orqali ishlashga o‘tadi

2025 yil 10 dekabrdan boshlab Toshkent shahri va qator tumanlarda, 2026 yil yakuniga qadar esa butun respublika bo‘ylab dorixonalar uchun “Elektron retsept” tizimiga ulanish litsenziya olish va uni saqlab qolish uchun majburiy shart etib belgilanmoqda. Bu tartib dorilarni faqat retsept asosida berishni qat’iy nazorat qilishga qaratilgan.

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentabrdagi tegishli qaroriga binoan, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash pasportiga o‘zgartish kiritilmoqda.

Unga muvofiq:

  • 2025 yil 10 dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar) hududidagi dorixonalar “Elektron retsept” moduli orqali belgilangan ma’lumotlarni real vaqt rejimida almashishni ta’minlashi shart;
  • 2026 yil yakuniga qadar esa ushbu talab respublikaning barcha hududlaridagi dorixonalar uchun majburiy bo‘lib, ular litsenziya talablariga mos ravishda “Elektron retsept” tizimiga to‘liq ulanishi lozim bo‘ladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, dorixonalar tomonidan retsept asosida berilishi lozim bo‘lgan dori vositasini retsepsiz berganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Endilikda shifokor tomonidan tayinlanadigan ayrim dori vositalarini xarid qilishda fuqarolarga dorixonaga albatta, shifokor tomonidan tizimga kiritilgan elektron retsept asosida murojaat etish tavsiya etilmoqda.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, “Elektron retsept” tizimining bosqichma-bosqich joriy etilishi:

  • dorilarni maqsadli va nazorat qilingan holda berilishi;
  • suiiste’mollik holatlarini kamaytirish;
  • aholining dori vositalarini qabul qilishda xavfsizligini oshirish;
  • shifokor, dorixona va bemor o‘rtasida raqamli o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Shu tariqa, “Elektron retsept” tizimi nafaqat litsenziya talabi, balki sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish va dorilar aylanmasi ustidan shaffof nazoratni kuchaytirishning muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid