Jahon | 13:53 / 11.12.2025
2113
2 daqiqa o‘qiladi

Polshadagi NATO havo himoyasi missiyasi Niderlandiyaga topshirildi

Germaniya Polshada NATOning havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish bo‘yicha deyarli bir yillik missiyani yakunladi. Missiya Niderlandiyaga topshirildi, nemis harbiy xizmatchilari esa Rojdestvo bayramiga qadar uyiga qaytadi.

Foto: Sebastian Kahnert/dpa/picture alliance

Bundesver yaqin kunlarda o‘zining Patriot zenit-raketa komplekslarini Polsha hududidan olib chiqadi. Berlindagi harbiy-havo kuchlari xabariga ko‘ra, NATOning havo himoyasi tizimi doirasidagi missiya chorshanba, 10 dekabr kuni rejaga muvofiq Niderlandiya qurolli kuchlariga topshirilgan. Bundan tashqari, taxminan 200 nafar bundesver harbiy xizmatchisi «Rojdestvo bayramlarini o‘z oilasi bag‘rida o‘tkazish» imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Germaniya harbiy-havo kuchlari ta’kidlashicha, missiyaning markaziy vazifasi Ukraina chegarasi yaqinida joylashgan Jyeshuv transport tarmog‘ini himoya qilishdan iborat edi. Ushbu operatsiyada Patriot komplekcining ikkita bo‘linmasi ishtirok etgan. Bu sistema ballistik raketalar, uchuvchi va uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek qanotli raketalarni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan. Bundesver ma’lumotlariga ko‘ra, kompleksning amal qilish radiusi 68 kmni tashkil etadi va u bir vaqtning o‘zida beshtagacha nishonni urib tushira oladi.

«Missiya ayniqsa sentabr oyi boshlarida muhim ahamiyat kasb etdi, o‘shanda bir necha rus dronlari Polsha havo makonini buzib kirgan va ularning bir qismi urib tushirilgan edi», — deyiladi GFR harbiy-havo kuchlari bayonotida. Nemis bo‘linmalari bu vaziyatda «havodagi umumiy vaziyatni shakllantirishga sezilarli hissa qo‘shgan» va «butun insident davrida to‘liq jangovar shay holatda turgan».

Zenit-raketali 1-aviamissiya 2025 yil yanvar oyida boshlangan. Unda Shlezvig-Golshteyn va Meklenburg–Old Shimoliy Pomeraniya federal yerlaridagi bo‘linmalar ishtirok etgan: Zanits shahridan 21-zenit bo‘linmasi, Bad-Zyulse shahridan 24-bo‘linma va Xuzumdan 26-bo‘linma.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid