Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azoda og‘ir humanitar vaziyat: yuzlab chodirlarni suv bosdi
Payshanba kuni yopirilgan bo‘ron ortidan G‘azoni kuchli yomg‘irlar qamrab oldi. Yuzlab oilalar panoh topgan chodirlar ichiga ham suv kirgan: 8 oylik chaqaloq sovuqdan halok bo‘ldi.
«Bayron» bo‘roni sektorga yopirilgan shu kunlarda G‘azodagi chuqurlashib borayotgan humanitar inqiroz yetarli darajada bartaraf etilmaganini ko‘rinmoqda. The Associated Press nashrining yozishicha, kuchli yomg‘irlar oqibatida ko‘plab oilalar chodirlari ichidagi buyumlari va oziq-ovqat zaxiralari ham suvga botgan. 11 dekabr kuni ayrim joylarda suv tizzagacha ko‘tarildi va tuproq yo‘llar loyga aylandi.
Yomg‘ir keltirgan vayronagarchilik
G‘azoda uylarning aksariyati vayron qilingan: taxminan 2 million aholi deyarli to‘liq ko‘chirilgan. Odamlarning ko‘pchiligi qirg‘oq bo‘ylab cho‘zilgan ulkan chodir lagerlarida yoki suv toshqiniga qarshi infratuzilmasiz yashamoqda. Sanitariya ham abgor ahvolda: hojatxona sifatida chodirlar yoniga kovlangan chuqurlardan foydalanilmoqda. Buning ustiga esa kuchli yomg‘irlar boshlandi.
«Bizni suv bosdi. Kiyadigan kiyim ham, matraslarimiz ham qolmadi», — dedi Xon Yunusdagi chodirda yashayotgan Um Salman AP nashriga bergan intervyusida. Uning aytishicha, chodir ichiga suv kirib ketgani sababli oilasi kechasi uxlay olmagan.
Muvasi deb ataladigan xaroba hududda yashovchi Sabrin Qudehning aytishicha, oilasi uyg‘onganida chodir tomidan yomg‘ir tomchilab oqayotgan, ko‘chadan kelgan suv esa matraslarni ivitib yuborgan.
Shu lagerda yashovchi Ahmad Abu Toha esa birorta ham chodir suvdan omon qolmaganini aytdi. «Ahvol juda og‘ir: bu lagerda keksalar, ko‘chirilganlar va kasallar bor», — dedi u.
Falastin Fuqarolik mudofaasi xabariga ko‘ra, yomg‘ir ta’sirida G‘azo shahrida Isroil bombardimoni natijasida shikastlangan kamida uchta bino qisman qulab tushgan. Ular odamlarni shikastlangan binolarda qolmaslikka chaqirdi, chunki bunday binolar odamlar ustiga qulashi mumkin.
Shuningdek, bo‘ron boshlanganidan beri butun G‘azo bo‘ylab chodirlari va boshpanalari shikastlangan odamlardan 2 500 dan ortiq yordam chaqiruvlari kelib tushgan.
Falastinliklar chelak va shvabralar yordamida chodirlaridan suvni mashaqqat bilan chiqarishga harakat qilmoqda. Alia Bahtitining aytishicha, uning 8 yoshli o‘g‘li «kechasi butunlay ho‘l bo‘ldi, ertalabgacha suv ustida uxlagani uchun ko‘karib ketgan». Uning chodirida pol ustida bir necha santimetr suv turgan.
Chaqaloq sovuqdan vafot etdi
Mahalliy sog‘liqni saqlash idoralari Xon Yunus shahrida, oilasi chodirini suv bosishi ortidan Rahaf Abu Jazar ismli sakkiz oylik qizaloq sovuqdan halok bo‘lganini bildirdi. Qizalog‘ini qo‘lida ushlab, yig‘lab turgan onasi Hijar Abu Jazarning Reutersʼga aytishicha, ular uxlab qolishdan oldin qizini emizgan.
«Uyg‘onganimizda yomg‘ir uning ustiga yog‘ayotganini, shamol esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga urayotganini ko‘rdik. Qizalog‘im to‘satdan, sovuqdan vafot etdi. U bilan hech qanday muammo yo‘q edi. Yuragimda olov yonyapti…», — deydi u.
Bu yerdagi chodir lagerida ayrim erkaklar – boshpanalarga kirishni to‘sib qo‘ygan suv va loyni belkuraklar bilan tozalamoqda. Boshqalar esa kuchli shamol va yomg‘irdan chodirlarni himoyalash uchun qum to‘ldirilgan qoplarni tayyorlashgan.
«Qiladigan ishimiz yo‘q. Yostiq-ko‘rpa suvga botadi va yana ularning ustida uxlashimiz uchun ikki-uch kun quritishga majburmiz. Bu chodirlar yomg‘ir yoki kuchli ob-havodan umuman himoya qilmaydi», — deya Ahmad Salemning so‘zlarini keltirmoqda nashr.
Infratuzilma vayron bo‘lgan
Shahar va fuqarolik mudofaasi rasmiylari yoqilg‘i tanqisligi va texnika shikastlangani sababli bo‘ronga qarshi kurasha olmayotganini aytdi. Ularning ta’kidlashicha, urush davomida Isroil yuzlab transport vositalarini, jumladan buldozerlar va suvni haydashda ishlatiladigan texnikalarni yo‘q qilgan.
BMT hisobotiga ko‘ra, taxminan 850 ming kishi joylashgan 761 ta ko‘chirilganlar maskani suv toshqinlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda joylashgan. Kuchli yomg‘ir kutilayotgani sabab minglab odamlar oldindan boshqa joylarga ko‘chib o‘tgan.
BMT va falastinlik rasmiylar taxminan 1,5 million nafar ko‘chirilgan aholi uchun kamida 300 mingta yangi chodir zudlik bilan zarurligini aytdi. Mavjud boshpanalarning aksariyati eskirgan yoki yupqa plastik va matodan yasalgan.
Reutersʼning yozishicha, g‘azoliklar bombardimon qilingan uylar vayronalari orasidan temir armaturalarni sug‘urib olib, ularni chodirlarni tutib turish uchun ishlatmoqda yoki bir necha dollarga sotishga majbur bo‘lmoqda.
Yetarlicha yordam kiritilmayapti
Yordam tashkilotlari Isroil yillar davom etgan urushdan keyin hududni qayta tiklashni boshlash uchun G‘azoga yetarli yordam kiritmayotganini aytmoqda.
Kelishuvga ko‘ra, Isroil yanvardagi avvalgi sulh shartlariga rioya qilishga rozi bo‘lgan. Unga ko‘ra, kuniga 600 ta yordam yuk mashinasini G‘azoga kiritish belgilangan edi. Isroil bu shart bajarilayotganini ta’kidlaydi, biroq Isroil harbiylari yaqinda e’lon qilgan raqamlar ham kuniga 600 ta yordam yuk mashinasini kiritilmaganini ko‘rsatadi, deb yozmoqda AP.
«Sovuq kunlar, odamlar haddan tashqari tiqilib yashayotgan va sanitariya talablari buzilgan muhit kasallik va infeksiya xavfini kuchaytiradi. Bu azob-uqubatlarning oldini humanitar yordamni to‘sqinliksiz yetkazish, jumladan tibbiy yordam va munosib boshpana bilan ta’minlash orqali olish mumkin», deydi falastinlik qochqinlar bo‘yicha BMT agentligi.
Yanvardagi sulh Isroilning ma’lum miqdorda karvon uylari va chodirlar kiritishiga ham ruxsat berishni nazarda tutgan. Biroq sulh davrida hozircha birorta ham karvon uylari G‘azoga kiritilmadi, deydi falastinliklarning erkin harakatlanish huquqini himoya qiluvchi Isroilning Gisha tashkiloti.
Falastin NNT tarmog‘ining G‘azodagi rahbari Amjad al-Shava payshanba kuni Al-Jazeera’ga faqat zarur bo‘lgan 300 ming chodirning juda oz qismi G‘azoga kirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, falastinliklar issiq qishki kiyimlarga keskin muhtoj, Isroil esa suv bosgan boshpanalarni tozalashga yordam beradigan nasoslarning kirishini ham to‘sib qo‘ymoqda.
«Barcha xalqaro tomonlar G‘azodagi vaziyat uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak», - dedi u. «G‘azodagi odamlar uchun barcha darajalarda real xavf mavjud».
Isroil tomoni suv nasoslari yoki og‘ir texnikalar kiritilmayotgani haqidagi da’volarga hozirgacha izoh bermagan.
G‘azoda shu yil oktabr oyidan buyon mo‘rt sulh saqlanib kelmoqda, biroq urush – sektor infratuzilmasining katta qismini vayron qilib, o‘ta og‘ir yashash sharoitlarini qoldirgan. Biroq zo‘ravonliklar to‘liq to‘xtamagan. Falastin sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, sulh boshlanganidan beri Isroil zarbalari oqibatida G‘azoda 383 kishi halok bo‘lgan. Isroil esa sulh davrida uch nafar askari halok bo‘lganini aytmoqda.
Mavzuga oid
16:16 / 11.12.2025
Tramp kelasi yil boshida G‘azo Tinchlik kengashi a’zolarini e’lon qilmoqchi
11:55 / 08.12.2025
HAMAS qator shartlar bajarilsa, qurol tashlashga tayyorligini bildirdi
12:51 / 05.12.2025
«Haqiqat bo‘lishiga juda kuchli asoslar bor» – BMT bosh kotibi G‘azodagi urush jinoyatlari haqida
16:58 / 04.12.2025