Jahon | 15:29 / 12.12.2025
3454
3 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi Mark Ryutte: “Rossiyaning navbatdagi maqsadi - biz”

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Berlinda Rossiya alyansni o‘zining navbatdagi nishoni sifatida ko‘rayotganini bildirdi. U mudofaa xarajatlarini zudlik bilan oshirishga va Ukrainaga ko‘makni kuchaytirishga chaqirdi.

Foto: Yves Herman/REUTERS

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urush bilan cheklanish niyatida emas, deb hisoblaydi. “Biz — Rossiyaning navbatdagi maqsadimiz”, — dedi u 11 dekabr, payshanba kuni Berlindagi chiqishi chog‘ida. Uning aytishicha, hozir NATOning vazifasi — urushni boshlanmasidan oldin to‘xtatishdir. “Buning uchun biz tahdidni to‘liq anglab yetishimiz kerak”, — deya ta’kidladi u va xavf allaqachon mavjud ekanini qo‘shimcha qildi.

Aniqroq aytganda, Ryutte yana mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishga va Ukrainaga ko‘makni kuchaytirishga chaqirdi. “Qurolli kuchlarimiz himoyamiz uchun zarur bo‘lgan hamma narsani olishi kerak. Ukraina esa mudofaa uchun zarur bo‘lgan hamma narsani — hozirning o‘zida olishi kerak”, — dedi u. Uning ta’kidlashicha, ittifoqchilarning juda ko‘p qismi vaziyatning shoshilinchligini his qilmayapti va vaqt ular tomonda, deb o‘ylayapti. “Ammo bu unday emas”, — dedi u.

AQShning Ukrainadagi urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini sharhlar ekan, Ryutte AQSh prezidenti Donald Tramp Putinni muzokaralar stoliga o‘tqaza oladigan yagona shaxs ekanini bildirdi. Shu bois, hozir Putin haqiqatan tinchlik istayaptimi yoki qirg‘inning davom etishini afzal ko‘ryaptimi — shuni tekshirish kerak. Buning uchun, Ryutte ta’kidlashicha, Rossiyaga nisbatan bosimni saqlab qolish zarur.

Shu bilan birga, Mark Ryutte Rossiya o‘z maqsadiga erishib, Ukraina Rossiya ishg‘oli ostida qolishi mumkin bo‘lgan ssenariydan ogohlantirdi. Bunday holda Rossiya qo‘shinlari NATO bilan yanada uzunroq chegara bo‘ylab turadi va qurolli hujum xavfi yanada ortadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda tiyib turish va mudofaa sohasida ulkan o‘zgarishlar, shuningdek, yanada kattaroq mudofaa xarajatlari talab etiladi. “Bu favqulodda budjetlar, davlat xarajatlarini qisqartirish, iqtisodiy inqirozlar va qo‘shimcha moliyaviy bosim degani”, — dedi u. Shuning uchun, Ukraina xavfsizligi — bu o‘z xavfsizligimiz ham, deb urg‘uladi Mark Ryutte.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid