Jahon | 12:56 / 12.12.2025
2175
5 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi: ustuvor islohotlar rejasi e’lon qilindi

Lvivda bo‘lib o‘tgan YeI mamlakatlari Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlarining norasmiy yig‘ilishida aytilishicha, Vengriya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayoni bo‘yicha barcha texnik ishlarni to‘sib qo‘yayotgan sharoitda ham, bu ishlar oldindan - to‘liq tayyor holga keltirib qo‘yiladi.

Foto: Olena Znak/Anadolu/picture alliance

Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga (YeI) qo‘shilish jarayoni Vengriyaning to‘sqinligiga qaramasdan davom etmoqda, dedi Daniyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Mari Berre.

“Men Daniya raisligi davrida kengayish bo‘yicha yangi yondashuvni qo‘llaganimizdan juda faxrlanaman: biz barcha texnik ishlarni oldindan bajaryapmiz (Bu yondashuv Bryusselda norasmiy ravishda frontloading deb ataldi — tahr.). Bu degani — kengayish jarayoni boshi berk ko‘chaga kirib qolmagan, Ukraina esa bajarilishi lozim bo‘lgan barcha texnik ishlar bo‘yicha oldinga siljishi mumkin”, — dedi Berre payshanba kuni, 11 dekabrda Lvivda o‘tkazilgan YeI mamlakatlari Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlarining norasmiy yig‘ilishida.

Shu bilan birga, Daniya vaziri muzokara klasterlarini ochish uchun YeIga a’zo barcha davlatlarning yakdilligi talab etilishini eslatdi va hozircha “bu to‘sqinlikni (Vengriyaning — Tahr.) bartaraf etishning iloji bo‘lmagani”ni aytdi.

“To‘sqinlik olib tashlanganda — va men bu albatta shunday bo‘lishiga yetarlicha ishonaman — biz ushbu muzokara klasterlarini juda tez ocha olamiz va yopamiz ham, shu tariqa Ukrainani YeIga a’zo bo‘lishga tayyor qilamiz”, — deb ishontirdi Mari Berre.

Budapeshtning muzokara jarayonini qanday qilib to‘sishdan to‘xtatish mumkinligi haqidagi savolga javoban, Daniyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri shunday dedi: agar mudofaa urushi olib borayotgan Ukraina islohotlarni davom ettirsa, “bosim shunchalik kuchli bo‘ladiki, to‘sqinlik abadiy davom eta olmaydi” va uni “olib tashlashga majbur bo‘lishadi”, chunki “juda ko‘p davlatlar Ukrainani YeIda ko‘rishni istaydi”.

O‘z navbatida, Lvivdagi uchrashuvda ishtirok etgan YeIning kengayish masalalari bo‘yicha yevrokomissari Marta Kos Ukrainaning kelajakda YeIga a’zo bo‘lishi Yevrokomissiya tomonidan Kiyev uchun Yevropa xavfsizlik kafolatlarining muhim elementi sifatida ko‘rilayotganini ta’kidladi.

“Bu — barqaror va farovon Ukrainaga olib boradigan eng ishonchli yo‘l, shuningdek, har qanday tinchlik kelishuvi barqaror bo‘lishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi”, — dedi Kos.

Yevrokomissar islohotlarni tez joriy etish va Ukraina qonunchiligini YeI talablariga moslashtirishni “aynan o‘tgan bir yil davomida Ukraina bilan birga ishlab kelgan yo‘nalish” deb atadi.

Kosning so‘zlariga ko‘ra, YeIga a’zo davlatlar Ukrainadan kutayotgan islohotlar bo‘yicha aniq yo‘l-yo‘riqlarni bergan.

“Shu asosda ham Ukraina, ham Yevrokomissiya — men vakillik qilayotgan institutsiya — texnik muzokaralarni ilgari surish uchun vazifalar ro‘yxatiga ega. Ya’ni biz aniq nimani qilish kerakligini bilamiz”, — dedi yevrokomissar.

Kos aniqlik kiritib, YeI va Ukraina allaqachon 10 ta ustuvor islohotdan iborat rejani kelishib olganini ma’lum qildi:

“Ularning barchasi qonun ustuvorligini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurash va Ukrainaga kelajakda YeIga kirish jarayoni uchun zarur bo‘lgan kuchli, hisobdor demokratik institutlarni barpo etishga qaratilgan”.

“Albatta, kun tartibimizda moliyaviy ko‘mak, davlatlar va Yevropa Ittifoqining harbiy yordami kabi ko‘plab masalalar bor. Lekin bugungi kundagi muhim element — kengayish jarayonidir”, — dedi Lvivda Ukrainaning yevroatlantik integratsiya bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Taras Kachka va shu bilan birga “hanuz rasmiy yakdillik yetishmayotgani”ni qayd etdi.

Ukraina vazirining ta’kidlashicha, YeIga a’zo 26 davlat — Vengriyadan tashqari — Ukraina YeIga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokara klasterlarini ochishni ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda. U texnik ishlarni erta bosqichda oldinga surishni ijobiy baholadi.

Kachka, shuningdek, Ukraina tomoni barcha klasterlar bo‘yicha muzokara pozitsiyalarini tayyorlashni yakunlaganini, kelasi hafta esa bu pozitsiyalarni YeI Kengashiga taqdim etish uchun barcha rasmiyatchiliklar tugallanishini aytdi.

Yevropa Ittifoqining bu yilgi so‘nggi sammitining (18–19 dekabr, Bryussel) asosiy masalalaridan biri Ukraina YeIga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni to‘sib turgan holatni bartaraf etish bo‘ladi. Kiyev muzokara klasterlarini ochish uchun zarur bo‘lgan barcha talablarni bajarganiga qaramasdan, ushbu jarayon Vengriya tomonidan bloklangan. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban muntazam ravishda Ukraina YeIga a’zo bo‘lishiga prinsipial ravishda qarshi ekanini aytib keladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid