Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga (YeI) qo‘shilish jarayoni Vengriyaning to‘sqinligiga qaramasdan davom etmoqda, dedi Daniyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Mari Berre.

“Men Daniya raisligi davrida kengayish bo‘yicha yangi yondashuvni qo‘llaganimizdan juda faxrlanaman: biz barcha texnik ishlarni oldindan bajaryapmiz (Bu yondashuv Bryusselda norasmiy ravishda frontloading deb ataldi — tahr.). Bu degani — kengayish jarayoni boshi berk ko‘chaga kirib qolmagan, Ukraina esa bajarilishi lozim bo‘lgan barcha texnik ishlar bo‘yicha oldinga siljishi mumkin”, — dedi Berre payshanba kuni, 11 dekabrda Lvivda o‘tkazilgan YeI mamlakatlari Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlarining norasmiy yig‘ilishida.

Shu bilan birga, Daniya vaziri muzokara klasterlarini ochish uchun YeIga a’zo barcha davlatlarning yakdilligi talab etilishini eslatdi va hozircha “bu to‘sqinlikni (Vengriyaning — Tahr.) bartaraf etishning iloji bo‘lmagani”ni aytdi.

“To‘sqinlik olib tashlanganda — va men bu albatta shunday bo‘lishiga yetarlicha ishonaman — biz ushbu muzokara klasterlarini juda tez ocha olamiz va yopamiz ham, shu tariqa Ukrainani YeIga a’zo bo‘lishga tayyor qilamiz”, — deb ishontirdi Mari Berre.

Budapeshtning muzokara jarayonini qanday qilib to‘sishdan to‘xtatish mumkinligi haqidagi savolga javoban, Daniyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri shunday dedi: agar mudofaa urushi olib borayotgan Ukraina islohotlarni davom ettirsa, “bosim shunchalik kuchli bo‘ladiki, to‘sqinlik abadiy davom eta olmaydi” va uni “olib tashlashga majbur bo‘lishadi”, chunki “juda ko‘p davlatlar Ukrainani YeIda ko‘rishni istaydi”.

O‘z navbatida, Lvivdagi uchrashuvda ishtirok etgan YeIning kengayish masalalari bo‘yicha yevrokomissari Marta Kos Ukrainaning kelajakda YeIga a’zo bo‘lishi Yevrokomissiya tomonidan Kiyev uchun Yevropa xavfsizlik kafolatlarining muhim elementi sifatida ko‘rilayotganini ta’kidladi.

“Bu — barqaror va farovon Ukrainaga olib boradigan eng ishonchli yo‘l, shuningdek, har qanday tinchlik kelishuvi barqaror bo‘lishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi”, — dedi Kos.

Yevrokomissar islohotlarni tez joriy etish va Ukraina qonunchiligini YeI talablariga moslashtirishni “aynan o‘tgan bir yil davomida Ukraina bilan birga ishlab kelgan yo‘nalish” deb atadi.

Kosning so‘zlariga ko‘ra, YeIga a’zo davlatlar Ukrainadan kutayotgan islohotlar bo‘yicha aniq yo‘l-yo‘riqlarni bergan.