Sport | 12:11
862
4 daqiqa o‘qiladi

XOQ RF va Belarus yoshlari uchun qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) RF va Belarusdan bo‘lgan o‘smirlarga o‘z mamlakatlarining bayroqlari va madhiyalari bilan musobaqalarda qatnashishga ruxsat berishni tavsiya qildi. Ushbu mamlakatlar hukumatlariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar esa o‘z kuchida qoldirildi.

Foto: REUTERS

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) sport federatsiyalariga rossiyalik va belaruslik sportchilarga yoshlar (o‘smirlar) o‘rtasidagi musobaqalarda — individual hamda jamoaviy sport turlarida ishtirok etishga ruxsat berishni tavsiya qildi. XOQ ijroiya qo‘mitasining tegishli qarori payshanba kuni, 11 dekabr, Lozannada bo‘lib o‘tgan Olimpiya sammiti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

XOQda bildirilishicha, yuniorlar ishtirok etadigan turnirlarda, agar milliy federatsiya “yaxshi obro‘-e’tiborga ega” bo‘lsa, bayroqlar, madhiyalar, forma va boshqa elementlar bo‘yicha “standart protokollar” ham qo‘llanishi kerak. Ta’kidlanishicha, sport tashkilotlariga ushbu tavsiyalarni amalga oshirish uchun vaqt talab etiladi, biroq ularni 2026 yilda Senegalning Dakar shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi yoshlar Olimpiya o‘yinlaridan qo‘llash boshlanishi kutilmoqda.

“Bugungi Olimpiya sammiti sportchilar, ayniqsa yosh sportchilar, o‘z hukumatlarining harakatlari uchun javobgar bo‘lmasligi kerakligini tan oldi”, — deyiladi XOQ bayonotida. Shu bilan birga, qo‘mita sportchilar “Olimpiya harakatining birlik va tinchlikni ilgari surish missiyasini qo‘llab-quvvatlashi” lozimligini urg‘uladi. Bunga qarshi chiqqanlar chetlatilishi mumkin.

XOQ 2022 yildan beri amal qilib kelgan — Belarusda xalqaro turnirlar o‘tkazmaslik haqidagi tavsiyani ham bekor qildi. Bu tavsiya Rossiyaning keng ko‘lamli urushi boshlanganida Rossiya qo‘shinlarining bir qismi Belarus hududidan Ukrainaga kirib kelganidan so‘ng joriy etilgan edi. Biroq XOQda qayd etilishicha, xalqaro federatsiyalar hali ham Rossiyada sport tadbirlarini o‘tkazish va qo‘llab-quvvatlashdan tiyilishi kerak.

Tashkilot, shuningdek, RF va Belarus hukumatlariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni o‘z kuchida qoldirdi. Xususan, gap bu mamlakatlar mansabdorlarini xalqaro sport tadbirlariga akkreditatsiya qilish yoki taklif etishga qo‘yilgan cheklovlar, shuningdek, ular bilan uchrashuvlar o‘tkazmaslik haqida ketmoqda.

Qo‘mita rossiyalik va belaruslik sportchilarning katta yoshdagilar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etishiga doir amaldagi cheklovlarni saqlab qoldi. Masalan, 2024 yil Parij Olimpiya o‘yinlarida Rossiya va Belarus sportchilariga faqat neytral bayroq ostida ishtirok etishga ruxsat berilgan edi — bunda ular Ukrainaga qarshi urushni faol qo‘llab-quvvatlamasligi va o‘z mamlakatlarining kuch tuzilmalari hamda terma jamoalari bilan bog‘liq bo‘lmasligi shart qilingan. O‘yinlarning rasmiy o‘tkaziladigan joylarida Rossiya va Belarus bayroqlari hamda ushbu ikki davlatning boshqa ramzlarini namoyish etishga ham yo‘l qo‘yilmagan.

Shunga o‘xshash cheklovlar 2026 yil fevralda Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlarida Rossiya va Belarus sportchilarining ishtirok etishiga nisbatan ham joriy etilgan.

Mavzuga oid