Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini muddatsiz bloklashga qaror qildi
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiya davlat aktivlaridan Ukraina manfaati uchun foydalanishga oid huquqiy bazani kelishib oldi. Daniya hukumati bildirishicha, birinchi qadam sifatida ularni Rossiyaga qaytarishni muddatsiz taqiqlash rejalashtirilmoqda.
Foto: Wiktor Dabkowski/ZUMA/picture alliance
Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qilish orqali Rossiyaning davlat mulkidan Ukraina manfaatida foydalanish uchun huquqiy asos yaratishga kelishib oldi. Birinchi bosqichda YeIda muzlatilgan mablag‘larni Rossiyaga qaytarishni muddatsiz taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilish ko‘zda tutilmoqda, deb xabar qildi YeIda raislik qilayotgan Daniya payshanba kuni, 11 dekabrda.
Gap, avvalo, YeI davlatlaridan birortasi, masalan Vengriya, YeI sanksiya qarorlariga veto qo‘yish orqali Rossiya aktivlarini blokdan chiqarishga erishishi ehtimolini yo‘qqa chiqarish haqida ketmoqda. Hozirda Rossiya Markaziy banki mablag‘lari YeI sanksiyalari bilan muzlatilgan bo‘lib, bu sanksiyalar har olti oyda bir marta barcha a’zo davlatlar qarori bilan uzaytirilishi kerak.
Ushbu mexanizm Ukrainaga Rossiya aktivlaridan olinadigan daromadlar hisobiga uzoq muddatli kreditlar ajratish rejasiga to‘siq deb qaralmoqda. Reja shuni nazarda tutadiki, Rossiya Ukrainaga qarshi tajovuzni tugatgandan keyin ushbu mamlakatga reparatsiyalar to‘lagan taqdirdagina mablag‘lar Rossiyaga qaytarilishiga ruxsat beriladi. Rossiya aktivlarini muddatsiz muzlatib qo‘yish uchun Germaniya va boshqa YeI davlatlari Yevropa Ittifoqi faoliyati to‘g‘risidagi shartnomaning 122-moddasiga tayanadi. Mazkur moddaga ko‘ra, jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga kelganda choralar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinishi mumkin.
YeIning yuridik hujjati loyihasida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi jiddiy iqtisodiy chaqiriqlarni keltirib chiqarayotgani qayd etiladi va YeI iqtisodiyotiga zararni cheklash uchun mablag‘larning Rossiyaga o‘tkazilishini imkoni boricha tezkorlik bilan oldini olish zarurligi ta’kidlanadi. Ushbu hujjatni kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan YeI sammitigacha qabul qilish rejalashtirilgan.
Shu vaqtga qadar Germaniya kansleri Fridrix Mers va tashabbusning boshqa tarafdorlari Belgiya bosh vaziri Bart de Veverni Ukrainaga kreditlar ajratish uchun aktivlardan foydalanish rejasiga qo‘shilishga ko‘ndirishga umid qilmoqda. Belgiya qo‘llab-quvvatlamasa, amalga oshirish juda qiyin deb hisoblanadi, chunki foydalanish rejalashtirilayotgan Rossiya mablag‘larining asosiy qismi Belgiyaning Euroclear depozitariysi tomonidan boshqariladi. Gap YeIda joylashtirilgan 210 mlrd yevrodan taxminan 185 mlrd yevro haqida ketmoqda.
Belgiya hukumati hozircha rejani yuridik va moliyaviy tavakkalchiliklarga ishora qilib bloklab turibdi. Jumladan, u Rossiya javob choralari ko‘rishi va yevropalik xususiy shaxslar hamda kompaniyalarning mulkini ekspropriatsiya (musodara) qilishi mumkinligidan xavotirda. Bosh vazir de Vever avvalroq uchta shart qo‘ygan: shu shartlar bajarilsa, Belgiya ehtimoliy xatarlarga qaramasdan tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘ladi. U xatarlar uchun YeIning barcha davlatlari umumiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini kafolatlashni va reja amalga oshirilishi birinchi kunidanoq ehtimoliy majburiyatlarni bajarish uchun yetarli moliyaviy kafolatlar mavjud bo‘lishini talab qildi.
Bundan tashqari, u reja ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan barcha fuqarolar va kompaniyalar uchun likvidlikni to‘liq himoya qilishni hamda xatarlarni qamrab olgan keng ko‘lamli muhofaza mexanizmlarini joriy etishni talab qilmoqda. Shuningdek, de Vever Rossiya Markaziy banki aktivlari muzlatilgan YeIning barcha davlatlari ushbu jarayonda ishtirok etishini istaydi. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyadan tashqari bunday aktivlar Fransiya, Shvetsiya va Kiprda ham mavjud.
Mavzuga oid
09:57
Ayrim o‘zbekistonliklar Vladivostok aeroporti orqali Rossiyaga kiritilmadi
08:52
O‘zbekistonlik ayol va uning uch farzandi Rossiyadan olib kelindi
08:19
Tramp Kiyevga yordamni to‘xtatish bilan tahdid qildi
20:35 / 01.04.2026