Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: Saylov o‘tkazish uchun o‘t ochishni to‘xtatish talab etiladi
Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazish uchun kamida ovoz berish davri va saylov jarayoni vaqtida o‘t ochishni to‘xtatish zarur. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu masala bo‘yicha Rossiya tomoni bilan AQSh gaplashishi kerak.
AQSh prezidenti Donald Tramp talab qilayotgan Ukrainadagi prezidentlik saylovlari harbiy holat sharoitida ham o‘tkazilishi mumkin, biroq kamida saylov jarayoni va ovoz berish vaqtida o‘t ochishni to‘xtatish sharti bilan. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi.
«Biz prezident Tramp bilan istalgan formatda ishlashga tayyormiz. Agar prezident Tramp Ukrainadagi saylovlar haqida ko‘proq gapirayotgan bo‘lsa — men buni mutlaqo ochiq aytaman — biz saylov o‘tkazishga urinib ko‘rishimiz mumkin. Ukraina demokratiyadan qochyapti, degan gap yo‘q», — dedi Zelenskiy «ko‘ngillilar koalitsiyasi» yig‘ilishida. Ushbu uchrashuv payshanba, 11 dekabr kuni videokonferensiya formatida o‘tkazilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, saylov o‘tkazish uchun xavfsizlikni ta’minlash kerak, bu borada esa «eng ko‘p yordam berish imkoniyati Amerikada».
«Agar saylov o‘tkazish zarur bo‘lsa, o‘t ochishni kamida saylovoldi jarayoni va ovoz berish davri uchun to‘xtatish kerak. Va mana shu haqida muhokama yuritish zarur. Rostini aytsam, biz, Ukrainadagilar, Amerika bu masalada Rossiya tomoni bilan gaplashishi kerak, deb hisoblaymiz», — deb qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari.
Bundan oldin u xavfsizlik ta’minlangan taqdirda saylovlarni yaqin 60–90 kun ichida o‘tkazish mumkinligini aytgan edi.
Donald Tramp dekabr boshida yana bir bor Ukrainada prezidentlik saylovlari bo‘lishi kerakligini aytdi.
«Ha, deb o‘ylayman, vaqti keldi. Menimcha, hozir saylov o‘tkazish uchun muhim palla. Ular (hukumat) urushdan saylov o‘tkazmaslik uchun foydalanmoqda, deb o‘ylayman, lekin ukrain xalqi shunday tanlovga ega bo‘lishi kerak», — dedi Tramp.
U, shuningdek, ovoz berish natijasi bo‘yicha Zelenskiy yana g‘olib chiqishi mumkinligini ham istisno qilmadi.
Tramp fevral oyida ham Ukrainada saylov o‘tkazishga chaqirgan edi. O‘shanda u Zelenskiyni «saylovlarsiz diktator» deb atagan va uning reytingi 4 foiz, deya da’vo qilgan, lekin bu gaplariga hech qanday dalil keltirmagan.
Ukrainada navbatdagi prezidentlik saylovlari 2024 yilda bo‘lishi kerak edi, ammo mamlakatda Rossiyaning to‘liq miqyosdagi hujumi boshlanganidan so‘ng joriy etilgan harbiy holat tufayli saylovlar qoldirildi. Shu asosda Rossiya hokimiyati bir necha bor Zelenskiyni davlat rahbari sifatida «nolegitim» deb atashga uringan.
Ayni vaqtda, Ukraina konstitutsiyasiga ko‘ra, harbiy holat davrida Oliy Rada (parlament) saylovlari o‘tkazilishi taqiqlangan. Prezidentlik saylovlari esa alohida qonunlar bilan tartibga solinadi, bu qonunlar konstitutsiyadan farqli o‘laroq, «formal-huquqiy nuqtai nazardan» o‘zgartirilishi mumkin.
Bunday o‘zgarish kiritish uchun parlament deputatlarining ko‘pchilik ovozi va keyinchalik prezident tomonidan tegishli farmon chiqarilishi talab etiladi.
Mavzuga oid
22:31 / 16.06.2026
Zelenskiy Rossiyaga «dahshatli qish» bilan tahdid qildi
22:16 / 16.06.2026
Vatikan va «yahudiylar lobbisi» Putinni aldadi - Lukashenko
19:49 / 16.06.2026
Ukraina dronlari yana Moskvaga hujum qildi
10:45 / 16.06.2026