Jahon | 09:15 / 13.12.2025
909
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Kengashi Rossiyaga uning muzlatilgan aktivlarini o‘tkazishni taqiqladi

Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlaridan mablag‘larni Rossiyaga qayta o‘tkazishni “shoshilinch tartibda” vaqtincha taqiqladi. Qaror, jumladan, YeI iqtisodiyotiga “ziyonni cheklash” istagi bilan izohlandi.

Foto: TASS

Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya Markaziy banki (MB)ning muzlatilgan aktivlaridan mablag‘larni RFga qayta o‘tkazishni vaqtincha taqiqladi. “Shoshilinch tartibda” qabul qilingan bu qaror YeI iqtisodiyotiga “ziyonni cheklash” istagi bilan asoslangan. Bu haqda juma kuni, 12 dekabrda, qonunchilik organi saytida xabar qilindi.

Taqiq MB aktivlari yoki zaxiralarini har qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita o‘tkazishga, shuningdek regulyator nomidan yoki uning ko‘rsatmasiga binoan harakat qiluvchi har qanday yuridik shaxs, tashkilot yoki organlar tomonidan amalga oshiriladigan o‘tkazmalarga taalluqli. Ana shunday tuzilmalar qatorida Rossiyaning Milliy farovonlik jamg‘armasi ham tilga olingan.

Bayonotda aytilishicha, bunday taqiq bo‘lmasa, “har qanday qo‘shimcha resurslar to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushni moliyalashtirish uchun ishlatiladi”. Bu esa o‘z navbatida “YeI iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlar”ga olib keladi va YeI hududida “gibrid tajovuzkor faoliyatning kuchayishi xavfini” yanada oshiradi. Kengash qabul qilgan qaror Rossiya harakatlari tufayli urush kontekstida YeIda “iqtisodiy vaziyat yanada jiddiy yomonlashishi xavfi saqlanib qolar ekan”, o‘sha davr mobaynida amal qiladi.

Bundan oldin Germaniya va YeIning boshqa davlatlari ko‘pchilik ovoz bilan Rossiyaning YeIda muzlatilgan mablag‘larini qaytarishga muddatsiz taqiq joriy etishga qaror qilgan. Bu qadam YeI mamlakatlariga aktivlarni muzlatish masalasini har yarim yilda qayta-qayta ovozga qo‘ymaslik imkonini beradi (shu paytgacha shunday bo‘lib kelgan). Rossiyaga pullarni qaytarish faqat urush tugaganidan keyin Ukrainaga reparatsiyalar to‘langan taqdirdagina ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

YeI davlatlari qarori qabul qilinishidan bir necha soat oldin RF Markaziy banki YeIda muzlatilgan Rossiya aktivlarining katta qismi saqlanayotgan Euroclear Belgiya depozitariysiga nisbatan Moskva Arbitraj sudiga da’vo arizasi kiritganini ma’lum qildi. Regulyator, xususan, “Rossiya Bankiga tegishli pul mablag‘lari va qimmatli qog‘ozlar”dan foydalana olmaslik oqibatida ko‘rilgan zararlarni, shuningdek ularni undirish zarurligini bildirgan.

RF Markaziy banki, shuningdek, muzlatilgan aktivlarga doir YeI qarorlari bo‘yicha da’vo kiritishi haqida ogohlantirgan. Euroclear vakillari TASS Rossiya davlat agentligi bilan suhbatda “umuman olganda, RF aktivlari bo‘yicha Rossiya sudlaridagi da’volarga tayyor” ekanini aytgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid