Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy Berlinda YeIdagi ittifoqchilar bilan muzokaralarni davom ettiradi
Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti dushanba kuni “xavfsizlik vaziyati imkon bersa”, urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun Berlinga yo‘l oladi. Kansler Mers bu mavzu yuzasidan hal etilmagan savollar ko‘pligini aytadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dushanba kuni, “agar xavfsizlik vaziyati imkon bersa”, Berlinga yo‘l oladi. Juma kuni, 12 dekabrda AFP agentligi Ukraina hukumatidan manbalarga tayanib xabar qilishicha, Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish yo‘llari bo‘yicha Kiyevning yevropalik ittifoqchilari bilan yangi muzokaralar bosqichida shaxsan ishtirok etadi. Berlinda Ukraina davlat rahbarining bo‘lajak tashrifi tasdiqlangan.
Germaniya hukumati rasmiy vakili Shtefan Korneliusning ma’lum qilishicha, Germaniya kansleri dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni “iqtisodiy muzokaralar o‘tkazish va Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarining borishi haqida fikr almashish” uchun qabul qiladi. Korneliusning aniqlashtirishicha, kechqurun muzokaralarga “ko‘plab Yevropa davlat va hukumat rahbarlari”, shuningdek YeI va NATO rahbarlari ham qo‘shiladi.
Bundan bir kun oldin Germaniya kansleri Fridrix Mers Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birga AQSh prezidenti Donald Trampga kelayotgan dam olish kunlari Ukrainadagi urushni to‘xtatishga doir yondashuvlarni yakuniy muhokama qilishni taklif etganini aytgan. AFP qayd etishicha, hozircha AQSh vakillari Zelenskiy ishtirok etadigan Berlindagi uchrashuvga keladimi-yo‘qmi — aniq emas.
Mersning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tajovuzini to‘xtatish va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarda hali ko‘p masalalar oydinlashtirilishi lozim. Dpa agentligi keltirishicha, Mers 12 dekabr kuni Haydelbergda shunday degan: “Shu kunlarda muzokaralar juda jadal ketyapti. Biz o‘zaro, shuningdek Ukraina hukumati va Ukraina prezidenti bilan olib borayotgan muzokaralarimizga Amerika hukumatini ham jalb qilishga urinyapmiz”.
Kansler ta’kidlashicha, xavfsizlik kafolatlari eng muhim elementni o‘z ichiga olishi kerak — Ukraina armiyasini doimiy ravishda mustahkamlash, toki mamlakat uzoq muddatli istiqbolda o‘zini himoya qila olsin. “Biz bunda o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz. Amerikaliklar tomonidan ham hissa kerak bo‘ladi”, — dedi u tafsilotlarni keltirmasdan. “Biz bilamiz: xavfsizlik kafolatlarisiz Ukrainani uzoq muddatda himoya qila olmaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Germaniya hukumati rahbari.
AQSh prezidenti Donald Tramp “juda qattiq g‘azablangan” — ham Rossiyadan, ham Ukrainadan va ular o‘rtasidagi urush tezroq to‘xtashini istaydi, dedi 11 dekabr kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt. “Unga faqat uchrashuv uchun uchrashuvlar jonga tegdi. U endi gap-so‘zni emas, harakatni istaydi, bu urushning tugashini istaydi. Faqat so‘nggi ikki haftada AQSh ma’muriyati rossiyaliklar, ukrainlar va yevropaliklar bilan uchrashuvlar va suhbatlarga 30 soatdan ortiq vaqt sarfladi”, — dedi Livitt. U AQSh hukumati urush olib borayotgan har ikki tomon bilan ishlashni davom ettirishini ham qo‘shimcha qildi.
Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ukraina vakillarining 13 dekabr kuni Parijda rejalashtirilgan uchrashuvida AQSh ishtirok etadimi-yo‘qmi, degan savolni Oq uy matbuot kotibi ochiq qoldirib, shunday dedi: “Agar tinchlik kelishuvini imzolash uchun real imkoniyat paydo bo‘lsa, agar bu dam olish kunlari AQSh sarflaydigan vaqtga bu uchrashuvlar arziydi, deb his qilsak, u holda vakil yuboramiz”.