Jamiyat | 14:00 / 14.12.2025
2177
3 daqiqa o‘qiladi

Furqat tumanida yirik savdo va ko‘ngilochar majmua qurilishi boshlandi

Kun.uzʼning Furqat tumanidan tayyorlagan reportajida aholi o‘zlarini qiynayotgan asosiy muammolar haqida gapirarkan, tumanda ko‘ngilochar maskan, jamoat xiyobonlari yo‘qligini aytishgandi. Odamlarning bu xohish-istaklari javobsiz qolmagan ko‘rinadi. Ma’lum bo‘lishicha, oradan bir necha oy o‘tib tuman markazida 15 gektarlik maydonda zamonaviy savdo va oilaviy ko‘ngilochar majmua barpo etiladigan bo‘ldi.

2025 yilning mart oyida Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari ishtirokida do‘stlik memorandumi imzolanib, qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining ramzi sifatida «Do‘stlik» stelasi ochilgandi.

Kuni kecha Furqat tumanida barpo etiladigan va Do’stlik city Mall nomini oladigan majmuaning tamal toshi qo‘yildi va ayni paytda qurilish ishlari davom etyapti. Yirik loyiha bo‘lgan Do’stlik city Mall ishlab chiqarish, savdo va ko‘ngilochar hududlar, brend do‘konlar, kinoteatr, attraksionlar, amfiteatr, oilaviy hordiq maskanlari, zamonaviy bozor va ko‘p qavatli turar joylarni o‘z ichiga oladi.

Furqat tumanining geografik joylashuvi inobatga olinsa, majmua bir paytning o‘zida nafaqat mahalliy, balki qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolariga ham xizmat qiladi. Loyiha egalarining aytishicha, Do’stlik city Mallʼni O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston savdo majmuasi deyish mumkin. Mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida Tojikiston va O‘zbekistonni bog‘lab turuvchi Andarxon chegara o‘tkazish punktiga maxsus avtobuslar qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. 2027 yilgacha foydalanishga topshirilishi kutilayotgan bu joyda 4 000 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Furqat tumanidagi bugungi o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tsak. Tumandagi “Turon odob ilm” xususiy maktabini o‘qib tamomlagan yoshlar 100 foizlik natija bilan oliy o‘quv yurtlariga kirayotgan ekan. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan “Inteks” tekstil korxonasi, mebelchilik sanoat zonasi, gipsokarton va metall profil ishlab chiqaruvchi BNBM xitoy-o‘zbek qo‘shma korxonasi, un mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Mastona Bo‘stoni” MChJ tuman iqtisodiyotini yanada yuksaltirishga xizmat qilyapti.

Yoqimsiz ishlar sodir bo‘lgani bilan oxirgi 4-5 oyda jamoatchilikda salbiy tasavvur shakllangan Furqat tumanida ko‘p ijobiy ishlar ham borligini ko‘rdik. Qolaversa, tumanni rivojlantirish dasturi doirasida katta loyihalar ham boshlangan. Bu ishlardan aholining umidlari katta.

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid