Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sidneydagi terakt. So‘nggi ma’lumotlar
Hujum ota-bola Sajid Akrom va Navid Akrom tomonidan amalga oshirilgan. Ularning ikkinchisi olti yil oldin IShID bilan aloqadorlikda gumonlangan.
Foto: Videodan kadr
Sidneydagi Bondi plyajida yahudiylarning Hanuki bayrami vaqtidagi terakt 50 yoshli ota va uning 24 yoshli o‘g‘li tomonidan sodir etilgan. Bu haqda Yangi Janubiy Uels shtati politsiyasi komissari Mel Lenon ma’lum qildi. Ota politsiyachilar bilan otishma chog‘ida halok bo‘lgan, o‘g‘il o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Avstraliyadagi ABC telekanali hujum ijrochilarining shaxsini ochiqladi – Sajid Akrom (ota) va Navid Akrom (o‘g‘il).
Politsiya komissarining so‘zlariga ko‘ra, Sajid Akrom o‘qchilar klubi a’zosi bo‘lgan. U 2015 yildan buyon ov uchun mo‘ljallangan o‘qotar qurol litsenziyasiga ega bo‘lgan. U hujum amalga oshirilgan joyga litsenziyasi bor oltita miltiq olib kelgan.
Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Berkning aytishicha, Sajid Akrom mamlakatga 1998 yilda talabalik vizasi bilan kelgan, 2001 yilda uylanib, oilaviy vizali bo‘lgan va doimiy yashash ruxsatnomasini qo‘lga kiritgan. Uning o‘g‘li tug‘ilgandan Avstraliya fuqarosiga aylangan. Sajid Akrom Avstraliyaga qaysi mamlakatdan kelganiga aniqlik kiritilmagan.
ABC o‘z manbasiga asoslanib, 2019 yilda Avstraliya razvedka xizmati (ASIO) Navid Akromni IShID terrorchilik guruhiga aloqadorlikda gumonlaganini xabar qilgan. O‘shanda Sidneyda IShID a’zosi Ishoq al-Matari qo‘lga olinganida u ham so‘roq qilingan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, Akrom ushbu terrorchilik guruhining Avstraliyadagi bo‘limi rahbari hisoblangan Matari bilan yaqin aloqada bo‘lgan.
Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha birlashgan guruh (JCTT) tergovchilari Sajid Akrom va uning o‘g‘li IShIDga bay’at qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Otishma sodir bo‘lgan plyajda ularning mashinasidan guruhning ikkita bayrog‘i topilgan, deb xabar bermoqda ABC manbalari.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze razvedka xizmati Navid Akromga birinchi marta 2019 yil oktyabrida qiziqib qolgani va uni keyingi olti oy mobaynida kuzatganini tasdiqlagan. Ammo maxsus xizmatlar u «doimiy tahdid manbayi emas» deb topishgan.
Terrorchilar 14 dekabr kuni kechqurun Hanukining birinchi kunida Sidneydagi Bondi plyaji hududida o‘t ochdi – u yerda birinchi shamni yoqish marosimida ishtirok etgan yahudiy jamiyati vakillari to‘plangandi. Politsiyaga mahalliy vaqt bilan soat 18:47 da otishma haqida xabar kelib tushgan. OAVda e’lon qilingan videolarda yuzlab odamlar sohildan har tarafga qochib ketayotganini ko‘rish mumkin.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 15 kishi halok bo‘lgan, qurbonlar orasida 10 yoshli qizcha ham bor. 40 dan ortiq kishi jarohatlangan holda shifoxonalarga yotqizilgan. Halok bo‘lganlar orasida ikki ravvin – Eli Shlanger va Yaakov Levitan ham bor. Halok bo‘lganlardan yana biri Oleksandr Kleytman bo‘lib, u o‘z rafiqasini tanasi bilan to‘sib, o‘qqa uchgan. Jewish Care ma’lumotlariga ko‘ra, Kleytman bolaligida xolokostni boshdan kechirgan va keyinchalik Ukrainadan Avstraliyaga ko‘chib kelgan.
Isroildagi «Kan» telekanali o‘z manbalariga tayanib, «Mossad» razvedka xizmati avstraliyalik hamkasblarini Avstraliyada yahudiylarga hujum bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgani haqida xabar berdi. Avstraliya teraktlar ehtimoli haqida bir nechta xabar olgani qayd etilgan. Ammo Yangi Janubiy Uels shtati politsiyasi boshlig‘i Mel Lenon Isroildan bunday ma’lumot olinmaganini ta’kidlagan. «Agarda politsiya bunday xavf haqidagi razvedka ma’lumotlariga ega bo‘lganida, keng ko‘lamli choralarni ko‘rgan bo‘lardik», – degan u.
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze hujumni terrorchilik akti va antisemitizm ifodasi deb atadi. «Biz avstraliyalik yahudiylarni qo‘llab-quvvatlaymiz hamda nafrat va zo‘ravonlikka qarshi chiqamiz», – deydi u.
U o‘z hukumati milliy qurol qonunchiligini kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u vazirlar mahkamasiga yangi cheklovlarni, jumladan, litsenziya egasi sotib olishi mumkin bo‘lgan qurollar soniga cheklovni, shuningdek, litsenziyaning amal qilish muddatini joriy etishni hamda o‘qotar qurollarning milliy reyestrini yaratishni taklif qilmoqda.
Albanezening so‘zlariga ko‘ra, qurol litsenziyasini faqat Avstraliya fuqarolari olishi mumkin bo‘ladi. «Odamlardagi vaziyatlar o‘zgarishi mumkin. Ular vaqt o‘tishi bilan radikallashishi mumkin. Lisenziyalar cheklanmagan muddatga berilmasligi kerak», – deydi hukumat rahbari.
Mavzuga oid
13:22 / 15.12.2025
Avstraliya bosh vaziri qurol bo‘yicha qonunlarni qat’iylashtirmoqchi
11:29 / 15.12.2025
Sidneyda o‘t ochganlardan birining qurolini olib qo‘ygan kishi qahramonga aylandi. Uni Tramp ham maqtadi
09:49 / 15.12.2025
Netanyahu: Avstraliya antisemitizmga qarshi kurashmayapti
15:10 / 14.12.2025