Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston universitetlari YeI tadqiqot dasturlarida ishtirokini kuchaytiradi
Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalar universitetida “O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini rivojlantirish: Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik kuni” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Horizon Europe va Erasmus+ dasturlarida O‘zbekiston ishtirokini kengaytirish, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalar universitetida Yevropa Ittifoqi bilan ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan konferensiya tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar qildi.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, anjumanda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Yevropa Komissiyasi vakillari, shuningdek mamlakatdagi 100 dan ortiq oliy ta’lim muassasalarining rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning Horizon Europe dasturi hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Erasmus+ loyihalarida ishtirokini yanada kengaytirish, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Yevrokomissiya vakillari O‘zbekiston ushbu dasturlarda faol ishtirok etishi uchun zarur inson resurslari va ilmiy bazaga ega ekanligini ta’kidladi.
Tadbir davomida Erasmus+ dasturi doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlari, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek O‘zbekiston universitetlari va ilmiy tashkilotlarining Yevropa tadqiqot tashabbuslarida ishtirok etishi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbuslar Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti hamda O‘zbekiston prezidentining Belgiyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi sifatida baholandi. Tomonlar ilmiy va innovatsion hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi tadqiqot dasturlarida ishtirokini kuchaytirish tarafdorligini tasdiqladi.
Mavzuga oid
08:53
Starmer iste’fosidan so‘ng YeI – Buyuk Britaniya sammiti qoldirildi
08:58 / 19.06.2026
Orbansiz sammit: YeI Ukraina bo‘yicha yagona pozitsiyaga keldi
08:22 / 19.06.2026
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ilk bor bir yilga uzaytirdi
09:45 / 16.06.2026