Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Siti»da yirik g‘alaba, brazillar Alonsoni qutqardi
Angliyadagi qadimiy derbida g‘aroyib voqea ro‘y berdi: mezbonlar tablodan raqib nomi va logotipini o‘chirib qo‘yishdi; «Aston Villa» chempionlik poygasida. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Siti» «Arsenal»ni quvishda davom etmoqda

«Kristal Pelas» – «Manchester Siti» 0:3
Gollar: Holand, 41 (0:1). Foden, 69 (0:2). Holand, 88 – penalti (0:3)
«Kristal Pelas»: Henderson, Lakrua, Gehi, Richards, Kamada (Hyuz, 67), Uorton, Mitchell, Klayn (Uche, 77), Sarr, Pino, Mateta (Nketia, 63)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli (Ait Nuri, 90), Mateus Nunes, Gonsales, Reynders (Savio, 85), Bernardu Silva (Lyuis, 90), Sherki, Foden, Holand (Marmush, 90)
Ogohlantirishlar: Kamada, 62. Henderson, 88
Dekabrdagi uchta o‘yinda ham g‘alabaga erishgan «Kristal Pelas» Kuchli to‘rtlikka kirib olgandi. Bu jamoa to‘pni raqibga berishdan qo‘rqmaydi va to‘pga egalik qilish bo‘yicha 40 foizdan ham past natija qayd etganiga qaramay, g‘alaba qozonib kelayotgandi. «Burgutlar» taktikasi bu safar ham ish berishi mumkin edi, chunki jamoa himoya chizig‘i kuchli, har bir qarshi hujum esa xavfli ko‘rinish oladi. Birinchi bo‘lim davomida shunday epizodlardan birida Yyeremi Pinoning zarbasi to‘singa tegdi, keyinroq Donnarumma Mateta bilan duelda ustun keldi.
Bo‘lim yakunlanishi arafasida esa «Manchester Siti» baribir mezbonlar himoya chizig‘ini buza oldi va Holand Mateus Nunesning qanotdan uzatmasini bosh bilan darvoza to‘riga to‘g‘rilab yubordi. Norvegiyalik hujumchi «o‘yinlar sonidan ko‘p gol» grafigini davom ettirmoqda (16 turda 17 gol). Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida esa mezbonlar boshiga omadsizlik yog‘ildi. Avvaliga Kamada jarohat oldi. Keyin esa Foden Sherkining uzatmasidan keyin qatorasiga to‘rtinchi turda darvozani ishg‘ol etdi. O‘yin oxirida Savinio penalti ishladi va Holand navbatdagi golini nishonladi. Bir kun oldingi o‘yinlardan keyin «Chelsi»ni oldinga o‘tkazib yuborgan «Pelas» kuchli to‘rtlikka qayta olmadi, Xosep Gvardiola jamoasi esa «Arsenal» bilan oradagi ikki ochkolik farqni saqlab qoldi.
«Vest Hem» – «Aston Villa» 2:3
Gollar: Fernandesh, 1 (1:0). Mavropanos, 9 – avtogol (1:1). Bouen, 24 (2:1). Rodjyers, 50 (2:2). Rodjyers, 79 (2:3)
«Vest Hem»: Areola, Mavropanos, Todibo, Diuf, Van-Bissaka, Pots (Souchek, 88), Fernandesh, Magassa (Uilson, 81), Lukas Paketa (Rodriges, 89), Sammervill (Kante, 89), Bouen
«Aston Villa»: Bizot, Lindelyof, Konsa, Matsen (Din, 75), Kesh, Onana (Malen, 64), Kamara, Tilemans, Rodjyers, Makginn, Uotkins (Buendiya, 75)
Ogohlantirishlar: Diuf, 90 – Kamara, 38. Kesh, 42
Shanba kuni Ekitike Angliya chempionatining joriy mavsumidagi eng tezkor golini (46-soniya) urgandi, bir kun o‘tib esa Mateush Fernandesh «Liverpul» forvardining natijasini yaxshiladi. Portugaliyalik futbolchiga to‘pni Bizotning yaqin burchagiga yo‘naltirish uchun o‘yin boshlanganidan boshlab 29 soniya o‘tishi yetarli bo‘ldi. «Aston Villa» tezda javob qaytardi – Makginning uzatmasidan keyin Uotkins bosh bilan zarba yo‘lladi, to‘p «Vest Hem» himoyachisi Mavropanos orqali darvoza to‘riga borib tushdi.
Ammo «bolg‘achilar» navbatdagi vaziyatidan ham foydalandi va yana hisobda oldinga chiqib oldi, Potsning zarbasi yo‘lida turib qolgan Bouen uni darvozaga to‘g‘rilab yubordi. Ushbu yarimhimoyachi endi klubning APLdagi eng sermahsul futbolchilari qatorida Antoniodan keyingi ikkinchi o‘ringa (61+39) chiqib oldi. Ammo uning goli durang uchun ham yetarli bo‘lmadi, ikkinchi bo‘lim boshida Rodjyers Tilemansning uzatmasidan hisobni tenglashtirdi. Ushbu futbolchining o‘zi o‘yin oxirlariga borirb jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan o‘yin taqdirini hal qildi. Endi Unai Emeri shogirdlari «Arsenal»dan atigi uch ochkolik farq bilan uchinchi o‘rinda bormoqda.
«Sanderlend» – «Nyukasl Yunayted» 1:0
Gol: Voltemade, 46 – avtogol (1:0)
«Sanderlend»: Rufs, Ballard, Alderete, Mandava, Mukiyele, Sadiki, Jaka, Le Fe, Talbi (Mandl, 83), Traore (Hyum, 71), Brobbi (Izidor, 71)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Tshau, Byorn (Sher, 42), Holl, Livramento, Tonali (Uillok, 59), Mayli, Gimarayns, Gordon (Barns, 59), Elanga (Myorfi, 59), Voltemade (Vissa, 75)
Ogohlantirishlar: Brobbi, 27. Mukiyele, 34. Mandava, 58. Le Fe, 86. Izidor, 90 – Tonali, 57. Uillok, 90. Gimarayns, 90. Tshau, 90
Yakshanba oqshomida Angliyadagi eng qadimiy va prinsipial derbilardan biri bo‘lib o‘tdi. Ma’lum vaqt tanaffusdan keyin APLga qaytgan «qora mushuklar» muxlislari «qarg‘alar»ga qarshi muhim o‘yin uchun katta perfomans uyushtirishdi.

Ammo ashaddiy raqiblar o‘rtasidagi o‘yinning birinchi bo‘limi statistika nuqtayi nazaridan u qadar tomoshabop bo‘lmadi. Ikki jamoa uchun jami to‘rt zarba va jarima maydoni ichida sakkiz bor to‘pga teginish – Angliya chempionatining hozirgi mezonlari bo‘yicha minimal ko‘rsatkich hisoblanadi. Ammo bu raqamlar emas, Voltemadening navbatdagi goli yodda qoladi. Nyuans shundaki, «Nyukasl» forvardi to‘pni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib qo‘ydi.

Bu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi va mezbonlar buni katta tantanaga aylantirishdi – ularning sevimli jamoasi APL dorirasida prinsipial raqibga qarshi 10 o‘yindan buyon mag‘lubiyatga uchramayapti (+7=3), to‘rt g‘alabadan iborat seriya esa tarixda ilk bor kuzatilmoqda.

Aytish mumkinki, mezbonlar shu kuni istagancha bayram qilishdi va hatto tribunadagi tabloni ham o‘zgartirishdi: unda «Nyukasl» nomi va logotipi berilmadi. O‘rniga shunchaki «mehmonlar» yozuvi turdi.

O‘yindan keyin esa jamoa a’zolari muxlislar sektori fonida suratga tushishdi.

Bu bilan o‘tgan yili jamoalarning Angliya kubogida «Nyukasl»ning g‘alabasi bilan tugagan o‘yindan keyin tushilgan boshqa bir jamoaviy suratga javob qaytarildi.

Ispaniya: Mbappe va Rodrigu Alonsoni qutqardi

«Alaves» – «Real» 1:2
Gollar: Mbappe, 24 (0:1). Visente, 69 (1:1). Rodrigo, 76 (1:2)
«Alaves»: Sivera, Pacheko, Tenalya, Parada (Enrikes, 89), Otto, Blanko, Suares (Gevara, 83), Ibanes (Alenya, 68), Rebbach (Visente, 68), Kalebe (Martines, 68), Boyye
«Real»: Kurtua, Raul Asensio, Ryudiger, Valdepenyas (Hausen, 79), Valverde, Tshuameni, Bellinghem, Arda Guler (Garsiya, 78), Vinisius Junior (Mastantuono, 89), Rodrigo (Dias, 83), Mbappe
Ogohlantirishlar: Parada, 6. Gevara, 90 – Vinisius Junior, 80
«Real»ning navbatdagi o‘yini oldidan OAVda yana bir marta Habi Alonsoning ehtimoliy iste’fosi haqidagi xabarlar urchidi. Hatto uning o‘rniga hozirda «Kastilya» jamoasini boshqarayotgan Alvaro Arbeloa nomzodi tilga olindi. Ammo madridliklarga yaqin hisoblangan nashrlar esa o‘zini ancha vazmin tutishdi. Bu nashrlarda klubdagilar murabbiyga ishonishi va Alonsoning kelajagi qaysidir o‘yin natijasiga bog‘liq emasligini yozishdi.
«Real» tarkibidagi muammolardan kelib chiqilsa, natijalarda murabbiyni ayblash qiyin. Shu kuni himoya chizig‘idagi yetishmovchiliklar tufayli klubning 19 yoshli tarbiyalanuvchisi Valdepenyas kattalar futbolidagi debyutini amalga oshirdi. U ham o‘zi uchun odatiy bo‘lgan markaziy himoyada emas, chap qanot himoyasida tushishiga to‘g‘ri keldi – Mendi jarohatlangan, Fran Garsiya diskvalifikatsiyaga uchragan.
Shu bilan birga, murabbiyda hujum chizig‘ida tanlov yetarlicha: u bu mavsumda ilk bor Bellinghem, Rodrigo, Vinisius va Mbappedan iborat Karlo Anchelotti davridagi kvartetni startda tushirdi.
Avvaliga Mbappe bu o‘yinni ham o‘tkazib yuborishi borasida xavotirlar mavjud edi, ammo u tushdi va ilk daqiqalardan mezbonlar darvozasiga xavf sola boshladi. Sakkizinchi daqiqada uning zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi, bo‘lim o‘rtalarida esa aniq zarba yo‘llab, hisobni ochdi. Uning jarima maydoni chizig‘ida turib yo‘llagan zarbasi to‘g‘ri burchakka borib tushdi – bu vaziyatda to‘p yo‘lini to‘sishga tashlangan himoyachilar va darvozabon ilojsiz ahvolda edi.
Mbappe uchun bu joriy yil boshidan buyon klub safida urilgan 56-gol bo‘ldi. Fransuz hujumchisi «Real» safida bir yilda urilgan gollar bo‘yicha rekordga yaqinlashmoqda – Ronaldu 2013 yilda jami 59 gol urishga ulgurgandi. Mbappeda buning uchun yangi yilgacha ikkita o‘yin imkoniyati bor – Ispaniya kubogi doirasida «Talavera»ga qarshi va la ligada «Sevilya»ga qarshi o‘yinlar.
«Alaves» esa birinchi bo‘limning o‘zida hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo Kurtua bunga imkon bermadi va hatto noyob seyv amalga oshirdi, belgiyalik darvozabon Ibanesning zarbasini boshi bilan qaytardi.
«Alaves»ning darvoza sohasi tomon to‘g‘ri borgan keyingi zarbasi esa golga aylandi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Visente darhol darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va hisobni tenglashtirdi. Bu vaziyatda Ryudiger ofsayd chizig‘ini ushlashda xatoga yo‘l qo‘ygandi.

Avvaliga qanot hakami ofsayd holatini qayd etgandi, ammo vaziyatga VAR aralashdi va gol inobatga olindi. Shu pallada kameralar o‘ychan va g‘amgin qiyofadagi Habi Alonsoga qaratildi.
Mezbonlarning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Yetti daqiqa o‘tib Vinisius dribling ishlatib, himoyachidan qochib ketdi va to‘pni darvozabon hududiga oshirdi, to‘pga yetib kelgan Rodrigo esa darvozani ishg‘ol etdi – bu ushbu braziliyalik vingerning la ligada yanvardan buyon ilk golli harakati bo‘ldi. Bungacha u qatorasiga 27 o‘yinda na gol urgan va na golli uzatma amalga oshirgandi.
Bu gol madridliklar uchun g‘alaba goliga aylandi va «Real» ustozi yengil tin oladigan bo‘ldi. O‘yin oxirida mehmonlar penalti ishlashga yaqin edi, ammo arbitr bu vaziyatda Vinisius aktyorlik mahoratini ishga solgan deb topildi. «Real» hisobdagi ustunlikni saqlab qoldi va «Barsa» bilan oradagi farqni to‘rt ochkoga qisqartirdi.
O‘yin yakunida Alonso Vinisiusni zaxiraga oldi, futbolchi esa murabbiyni quchib qo‘ydi va o‘zaro gina unutilganini namoyish etdi.

Mavzuga oid
18:16 / 14.12.2025
«Real»dagi kichik inqiroz. Klubning muammosi nimada va Alonso endi nima qiladi?
14:34 / 14.12.2025
Saloh qaytdi va rekord o‘rnatdi, «Arsenal» va «Barsa»da qiyin g‘alaba
11:57 / 11.12.2025
«Real» «Siti»ga yutqazdi, «Arsenal»da yana yirik g‘alaba. Kun o‘yinlari
23:06 / 09.12.2025