Jamiyat | 22:29 / 16.12.2025
7759
6 daqiqa o‘qiladi

“Narkozdagi o‘limlar – tizimli muammo oqibati” - anesteziolog

Rinoplastika ijtimoiy tarmoqlarda “xavfsiz” muolaja sifatida targ‘ib qilinadi, lekin u bilan bog‘liq o‘lim va og‘ir asoratlar haqidagi xabarlar ortib bormoqda. Xususan, yaqinda 31 yoshli yigitning rinoplastika vaqtida vafot etishi, avvalroq xuddi shu klinikada boshqa bir bemor noto‘g‘ri narkoz sabab nogiron bo‘lib qolgani – tibbiy xatolar ortida tizimli muammolar yotganiga ishora qilyapti.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yaqinda Toshkentdagi xususiy klinikada 31 yoshli yigit burun operatsiyasi vaqtida vafot etdi. Dastlabki ma’lumotlarda bunga anafilaktik shok sabab deyilgan, marhumning yaqinlari esa uning o‘limi narkozning ko‘p berilishi tufayli deyishgan.

Bu voqeadan keyin Kun.uz'ga 2 yil avval shu klinikada burnini operatsiya qildirgan va nogironga aylangan yosh qizning onasi murojaat qildi.

“2022 yilda qizimga shifokorlar burnida o‘smasi bor deyishgani uchun shu klinikaga operatsiyaga borgan. Operatsiya vaqtida soat 12:20 da yurak to‘xtashi yuz bergan. Shundan keyin miyaga qon bormagan, kislorodsiz qolgandan keyin miyada shish paydo bo‘lgan. Shifokorlar elektroshok bilan yurak urishini tiklashgandan keyin miyadagi shish qaytmagan. Qizim koma holatiga tushib qolgan. Xotirasini yo‘qotgan, o‘zini bilmagan holatda, oyoq-qo‘llari ishlamagan, hattoki boshini tik tutib tura olmaydigan holatda komadan chiqdi”, – deydi Ra’no Janonova.

Onaning aytishicha, tergov jarayonida holat anesteziolog aybi bilan yuz bergani aniqlangan va shifokor jazolangan.

“Klinika bizga mayli to‘lab bermadi, aybiniyam bo‘yniga olayotgani yo‘q. “Biz aybdormasmiz, sud adolatli qaror chiqardi, anesteziolog aybdor bo‘ldi. Uni ishdan bo‘shatdik, hech qanday aybimiz yo‘q” deyishdi. Boshqa anesteziolog ishga olishdi. Natijasi, mana, 31 yoshli yigitning onasi mendan battar bo‘zlab qoldi. Bundan keyin yana shunaqa holatlar bo‘lishini istamayman, bunday holatlar juda ko‘p chunki”.

Klinika rahbari Qalampir.uz nashriga bergan intervyusida ayolning da’volarni rad etib, xato anesteziologdan o‘tganini, bunda klinika rahbariyati o‘zini aybdor xis qilmayotganini, qizning nogiron bo‘lib qolishi esa uning taqdirida borligini aytgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda xususiy klinikalar rinoplastika amaliyotini xavfsiz deya talqin qilishadi. Lekin bu operatsiya bilan bog‘liq o‘lim holatlarining ko‘pligi buni inkor etmoqda. Rinoplastika operatsiyasida yuz bergan va ommaga ayon bo‘lgan o‘lim holatlarini o‘rganib ko‘rganimizda aksariyatiga anesteziya bilan bog‘liq omillar sabab bo‘lgani aytilgan.

Anesteziologiya sohasi islohga muhtoj

Masalaga oydinlik kiritishni Kuvaytdagi o‘zbek shifokori Jahongir Jo‘rayevdan so‘radik.

— Bloger Farhod Mannopov ishidayam anesteziolog tomonidan xatoliklar borligini tasdiqlovchi hukm chiqarilganidan xabarim bor. Tan olish kerak, O‘zbekistonda tibbiyot rivojlanyapti, keng miqyosdagi operatsiyalar yo‘lga qo‘yildi. Lekin ming afsuski, anesteziologiya va reanimatologiya rivojlanishdan orqada qolyapti. Bunga klinikalardagi to‘satdan o‘lim holatlarini misol qilish mumkin. O‘lim holati ko‘proq anesteziologik va reanimatologik muammolarga bog‘liq bo‘ladi. Xirurgik sabablarniyam inkor qilib bo‘lmaydi.

Buning uchun men hech qachon o‘sha holatda turgan anesteziologni ayblamasdim. Uni yetishtirib chiqargan tizimni aybdor deb hisoblayman. U shu tizimda o‘rgangan bilimi bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘radi. Butun dunyoda anesteziologik risklar xavfli ekanligi uchun, o‘lim holatlari nisbatan ko‘proq kuzatilgani uchun xavflilik darajasi juda yuqori holatga olib kelib qo‘yilgan, lekin afsuski, O‘zbekistonda bu xavf hali ham yuqori darajada saqlanib turibdi.

Ochiq aytaman, O‘zbekiston sharoitida xususiy klinikalar ko‘payib boryapti va bu shu holatdagi o‘limlar foizi oshishiga sabab bo‘ladi. Bunga sabab – anesteziologik sistemaning bunga hali to‘liq tayyor emasligi. Anesteziologiya sohasida yetarli reforma ketmayapti va kadr ishlab chiqarish o‘z yo‘lida emas. Bizdagi beriladigan bilim, tajriba, fikrlash doiramiz jahon miqyosidagi anesteziologik yondashuvdan ancha uzoqda. O‘zbekistonda har bir bemor anesteziologik xavfli darajada narkozga kirib boradi. Shu xavf darajalari maksimumga chiqarilmagani sababli, hali ham anesteziologik yondashuvlar noto‘g‘ri bo‘lgani uchun shunaqa o‘lim holatlari kuzatilishi hali davom etadi. Bu narsani kutinglar...

Anesteziolog vaziyatdan chiqishi uchun unda yetarlicha alternativ dorilar bo‘lishi kerak. Kerakli dorilar olib kirilmaydi, ta’minlanmaydi. Agar shu dorilarni ta’minlab bermagan bo‘lsa aybni anesteziologdan emas, tashkilotchilardan qidirish kerak, deydi mutaxassis.

Katta yoki kichik bo‘lishidan qat’i nazar, har bir operatsiya ortida inson hayoti turadi. Bemor ham, klinika ham, shifokorlar va sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari o‘z zimmasidagi mas’uliyatni to‘liq ado etsagina, bunday fojialarning oldi olinishi mumkin.

Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz

Mavzuga oid