Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskva oblastida o‘smir maktab o‘quvchilariga pichoq bilan hujum qildi
Qobiljon ismli o‘n yoshli bola halok bo‘lgan. Hujum ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisi tomonidan uyushtirilgan. U hujumdan oldin maktab o‘quvchilaridan qaysi millatdan ekanini so‘ragan.
Foto: Yuriy Kochetkov / RIA Novosti / Sputnik / Scanpix / LETA
Moskva oblastining Odinsovo rayonida o‘smir pichoq bilan maktabga kirib kelgan va o‘quvchilarga hujum qildi. Mahalliy telegram-kanallarga ko‘ra, hujum Gorki-2 posyolkasida joylashgan Uspenskiy nomidagi umumta’lim maktabida ro‘y bergan.
Tergov qo‘mitasi ma’lum qilishicha, o‘quvchilardan biri hujum oqibatida halok bo‘lgan. Moskva oblasti politsiyasiga ko‘ra, u maktabning to‘rtinchi sinfida o‘quvchi 10 yoshli bola bo‘lgan.
Hujum uyushtirgan o‘smir qo‘lga olingan. Telegram-kanallarda yozilishicha, u 15 yoshli Timofey K. bo‘lib, shu maktabning 9-sinfi o‘quvchisi hisoblanadi. «Baza» nashri yozishicha, u qotillikdan keyin o‘z qurbonining jasadi fonida selfi olgan.

Telegram-kanallarga ko‘ra, Timofey No Lives Matter («Hech kimning hayoti ahamiyatga ega emas») yozuvi tushirilgan futbolkada bo‘lgan – irqchilar bu shiorni Black Lives Matter shioriga javoban o‘ylab topishgan. Bundan tashqari, ushbu o‘smirning boshida amerikalik neonatsist, 2015 yilda Charlston shahridagi cherkovda to‘qqiz nafar qora tanlini o‘ldirgan Dilan Rufdan iqtiboslar yozilgan shlem bo‘lgan. Shlemdagi ibora shunday ko‘rinishda: «Buni men qilishimga to‘g‘ri keldi, chunki kimdir nimadir qilishi kerak edi». «Ostorojno, novosti» qayd etishicha, bu iqtibosning davomi quyidagicha: «Chunki, bilasizki, qora tanlilar har kuni ko‘chalarda oq tanlilarni o‘ldirmoqda».

Ushbu o‘smir o‘z hujumini videoga olgan. Kadrda u o‘qituvchi bilan turgan o‘quvchilar guruhi oldiga borgani va ulardan qaysi millatdan ekanini so‘ragani aks etgan. Shu paytda ortdan maktab qo‘riqchisi yaqinlashib kelgan, Timofey esa unga avvaliga qalampirli ballon bilan hujum qilgan, pichoq bilan bir marta zarba bergan, keyin esa o‘quvchilarga qarab yugurgan. Ulardan biriga yetib olib, turli joylariga bir necha marta pichoq sanchgan. Mash telegram-kanali yozishicha, u bu holat aks etgan videoni o‘zining shaxsiy telegram-kanaliga joylashtirgan.
Xabarlarga ko‘ra, marhumning ismi Qobiljon bo‘lib, u tojik millatiga mansub bo‘lgan.
«Ostorojno, novosti» tomonidan e’lon qilingan yana bir videoda, Timofey sinfxonalardan biriga kirgan va «o‘zi ismini eslay olmagan, qoramtir» o‘qituvchi bugun maktabga kelgan-kelmaganini so‘ragan. Xonadagi o‘qituvchi inkor ma’nosida javob qaytargan va aynan kimni izlayotganini so‘ragan, keyin esa uni navbatchi va qo‘riqchining oldiga olib borishga uringan. «Men baribir umrbod qamoqda o‘tiraman», – deya javob qaytargan o‘smir. O‘qituvchining «nima qilayotgani» haqidagi keyingi savoliga shunday javob bergan: «Vikipediyada o‘qiysiz».
Mahalliy telegram-kanallarga ko‘ra, Timofey hujumdan oldin sinfdoshlariga «Mening g‘azabim» nomi qo‘yilgan manifestini yuborgan. U 1999 yilda «Kolumbayn» maktabida otishma uyushtirgan va 13 kishini o‘ldirgan ikki o‘quvchidan biri bo‘lgan Erik Harrisdan olingan iqtibos bilan boshlangan. Bu manifestda Timofey jamiyatdan nafratlanishini yozib, odamlarni «biochiqindi» deb atagan, muammolarda esa musulmonlarni, LGBTni, yahudiylarni, antifashistlarni, liberallarni va muxolifatchilarni ayblagan.
Tergov qo‘mitasi qotillik va suiqasd moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobyov maktab o‘quvchilariga qilingan hujumni «dahshatli, haddan tashqari shafqatsizlik» deb atadi. «Butun Moskva oblasti uchun bu haqiqiy fojia. Bunga olib kelgan barcha omillarni tahlil qilish va bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun barcha choralarni ko‘rish kerak», – deb yozdi u. Shuningdek, Vorobyov jurnalistlarga alohida murojaat qilib, voqea joyidan olingan videoni e’lon qilishdan oldin «buning kasbga aloqasi bor-yo‘qligini tushunish muhimligi», chunki «bu qonunbuzarlik hisoblanishi, qolaversa, jabrlanuvchilarga qo‘shimcha og‘riq keltirishi»ni ta’kidlagan.
Mavzuga oid
21:28 / 14.12.2025
“Farg‘onada u zo‘r ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan” – tanishini mashinada qasddan urib o‘ldirgan shaxs ishida hukm o‘qildi
20:11 / 12.12.2025
Muhojirlik, shubha va ikki qizining qotiliga aylangan ona - Andijondagi mudhish jinoyat tafsiloti
20:48 / 09.12.2025
Bir yilda dunyoda 67 nafar jurnalist o‘ldirildi – RSF
19:19 / 01.12.2025