Jamiyat | 15:41
7386
2 daqiqa o‘qiladi

«Qo‘qonlik tabib» yana sudga berildi

Qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyevga Xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnoma muddati 2024 yil dekabrida tugagan. U 2025 yil boshida jarimaga tortilgan va fuqarolar noroziligi tufayli ogohlantirilgan. Ammo Soliyev faoliyatini davom ettirgan. Hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organiga yuborildi.

Foto: Videodan kadr

Xalq orasida tabiblik bilan shug‘ullanib, «bionur» sohibi sifatida tanilgan Iqbol Soliyev noqonuniy foliyat yuritayotgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, uning faoliyati qonuniyligi o‘rganilganda soliq organlaridan «Xalq tabobati» faoliyat turi bo‘yicha 2020 yilda ro‘yxatdan o‘tgani, ammo O‘zbekiston Xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnoma muddati 2024 yil dekabrida tugagani ma’lum bo‘lgan.

Unga nisbatan Qo‘qon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudiga yuborilgan. Sud tomonidan 2025 yil 10 yanvar kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−5-moddasi (Xalq tabobati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi bilan, 7,5 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, uning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lgani inobatga olinib, IIO xodimlari tomonidan rasmiy ogohlantirilgan.

Shunga qaramay, Iqbol Soliyev takroran o‘z faoliyatini davom ettirib, videoroliklarni ijtimoiy tarmoqlarga joylab kelganligi aniqlanib, 27 noyabr kuni Qo‘qon shahar IIB tomonidan unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−5-moddasi 3-qismi (Xalq tabobati sohasida faoliyat olib borish uchun tegishli huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatish hamda mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilish) bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda tegishli tartibda sud organiga yuborilgan.

Mavzuga oid