Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘iston urush sabab qochgan rossiyalik o‘smirni deportatsiya qilmoqda
Qozog‘istondagi sud urushga qarshi qarashlari sabab Rossiyadan qochib kelgan o‘smirni deportatsiya qilishga qaror qildi. U “chegarani noqonuniy kesib o‘tish”da ayblandi va Qozog‘istonga 5 yil davomida kirishi taqiqlandi.
Foto: “Uralskaya nedelya”
Qozog‘iston sudi 16 yoshli rossiyalik o‘smir Timur Turkovni mamlakatdan chiqarib yuborish (deportatsiya qilish) haqida qaror qabul qildi. U urushga qarshi qarashlari sabab Rossiyadan qochgan va chegarani piyoda kesib o‘tgan. Bu haqda 15 dekabr, dushanba kuni The Insider internet nashri xabar berdi. Qozog‘istonning “Uralskaya nedelya” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Turkov so‘nggi uch oy mobaynida Uralsk shahridagi bolalar uchun ijtimoiy markazda bo‘lgan.
“Uralskaya nedelya” e’lon qilgan videoda o‘smir sud majlisi Uralskdagi “2-shahar sudi”da 5 dekabr kuni o‘tganini, 8 dekabr kuni esa uni Rossiyaga deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror chiqarilganini aytadi. Sud Timur Turkovni chegarani noqonuniy kesib o‘tishda aybdor deb topgan va unga Qozog‘istonga 5 yil muddatga kirish taqiqlangan. Sud qaroriga ko‘ra, o‘smir Rossiyada yana 6 oy “erkinlikni cheklash” jazosini ham o‘tashi kerak. “Mediazona” aniqlashicha, Turkov ishini G‘arbiy Qozog‘iston viloyati voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha ixtisoslashgan tumanlararo sud ko‘rib chiqqan — u Uralskdagi 2-sud binosida joylashgan.
“Prosto jurnalistika” loyihasi yozishicha, Timur Turkov Komi Respublikasining Letka qishlog‘ida bobosi va buvisi bilan yashagan. Otasi oiladan ketgan, onasi esa 3 yil oldin koronavirus oqibatlari sabab vafot etgan. 2025 yil yozida o‘smir 9-sinfni tugatgan va Rossiyadan ketishga qaror qilgan. Turkovning aytishicha, bu qarorga u “urush targ‘iboti” sabab kelgan.
“Rossiyada maktablar militarizatsiya qilinyapti. Ayniqsa bizda maktabda katta sinf o‘quvchilarini Rossiya–Ukraina urushida halok bo‘lgan harbiylarni dafn marosimlariga jalb qilishardi. Qishlog‘imizda aholi 2,5 ming kishi edi, o‘sha yerdan 11 yoki 12 kishi o‘lik qaytdi, besh kishi bedarak yo‘qoldi”, — deydi Turkov “Uralskaya nedelya” videosida.
U shuningdek Rossiyaga qaytsa, ko‘chada uni shunchaki “olib ketib o‘ldirib qo‘yishlari”dan qo‘rqishini aytgan. “Siyosiy yo‘nalish sabab ham qaytishni istamayman. Rossiyada hamma narsa cheklanyapti: erkin va mustaqil OAV cheklanyapti, aholi ustidan total nazorat joriy qilinyapti”, — deya qo‘shimcha qilgan u.
“Uralskaya nedelya” xabar qilishicha, Turkov joriy yil sentabr oyida Komi Respublikasidan Qozog‘istonga avtostop bilan qochgan — “RFning siyosiy yo‘nalishiga rozi emasligi, 18 yoshga to‘lgach urushga jo‘natilishi mumkinligidan qo‘rqishi tufayli qochqin maqomini so‘rash” maqsadida. U chegarani 12 sentabrga o‘tar kechasi 658-chegara belgisi yaqinidan piyoda kesib o‘tgan. O‘smirning aytishicha, u tun davomida taxminan 17 kilometr yo‘l bosgan, bir payt charchoq va suvsizlanish sabab hushidan ketgan.
Keyinroq Turkovni qozog‘istonlik chegarachilar topib, o‘tkazish punktiga olib borgan. U yerga Rossiya konsulxonasi vakillari, RF chegara xizmati xodimlari va Rossiyaning qo‘shni aholi punktidan maktab psixologi kelgan. Turkov jurnalistlarga uni Rossiya FSB polkovnigi ham so‘roq qilganini aytgan. Keyin o‘smir maxsus ijtimoiy xizmatlarga muhtoj bolalar markaziga joylashtirilgan.
Mavzuga oid
18:30 / 16.12.2025
Qozog‘istonda mol go‘shti eksporti cheklandi
18:06 / 16.12.2025
Qozog‘iston va O‘zbekiston Rossiya gazi tranziti bo‘yicha shartnoma imzoladi
13:21 / 16.12.2025
Yevroittifoq gibrid hujumlar uchun Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi
10:54 / 16.12.2025