Jahon | 11:55 / 16.12.2025
1541
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Germaniyada jangovar dronlar ishlab chiqarishni boshlayapti

Quantum Frontline Industries Ukraina–Germaniya qo‘shma korxonasi yiliga o‘n minglab jangovar dron ishlab chiqaradi, shartnomalarning umumiy hajmi esa yuzlab million yevroni tashkil etadi.

Foto: Reuters

Ukrainaning Frontline Robotics dron ishlab chiqaruvchisi va Germaniyaning Quantum Systems mudofaa kompaniyasi Ukraina Mudofaa vazirligi buyurtmasiga ko‘ra jangovar uchuvchisiz apparatlar (dronlar)ni ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu haqda Quantum Systems kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Mattias Lena 15 dekabr, dushanba kuni Berlindagi iqtisodiy forumda DW’ga ma’lum qildi. Uning aytishicha, gap yiliga o‘n minglab dron ishlab chiqarish haqida ketmoqda, shartnomalarning umumiy hajmi esa yuzlab million yevro bilan o‘lchanadi.

Ishlab chiqarish rejasiga ko‘ra, jang maydonida sinovdan o‘tgan “Linza” nomli logistik dron, Zoom razvedka droni, shuningdek pulemyot va granatomyot bilan jihozlangan, masofadan boshqariladigan “Burya” nomli o‘t ochish moduli ishlab chiqariladi.

Quantum Systems’ning matbuot-relizida ishlab chiqarish uchun Quantum Frontline Industries deb nomlangan qo‘shma korxona tashkil etilishi aytilgan. U Ukraina Qurolli kuchlari uchun “Yevropada birinchi marta to‘liq avtomatlashtirilgan, sanoat miqyosidagi uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarish liniyasini” yo‘lga qo‘yadi.

Hamkorlik Ukraina hukumatining “Ukraina bilan birga quryapmiz” (Build with Ukraine) tashabbusi doirasida yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu tashabbus G‘arb mudofaa kompaniyalarining mahsulotlarini Ukrainaga jalb qilishga va Ukraina mudofaa ishlab chiqarishining bir qismini Yevropa xavfsiz mamlakatlariga ko‘chirishga qaratilgan.

Avgust oyi oxirida Myunxenda joylashgan Quantum Systems kompaniyasi Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri Ukraina hududidagi maxfiy ishlab chiqarish sexlarida razvedka dronlarining oylik ishlab chiqarish hajmini 40 tadan 80 tagacha, ikki barobar oshirishga erishgani xabar qilingan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid