Sog‘lom hayot | 20:53 / 16.12.2025
1049
2 daqiqa o‘qiladi

Uyqusizlik va bezovtalik immunitet zaiflashishiga olib kelishi aniqlandi

Tadqiqotchilar immunitet buzilishlarining oldini olish protokollariga uyqu va ruhiy holatni tuzatishni kiritish zarurligini ta’kidlamoqda.

Foto: Shutterstock

Uyquning surunkali buzilishi va yuqori darajadagi xavotirlanish tananing boshqa tizimlariga ham kuchli ta’sir qiladi. Toib universiteti (Saudiya Arabistoni) mutaxassislari shunday xulosaga keldi. Tadqiqot natijalari Frontiers in Immunology ilmiy jurnalida chop etildi.

Olimlar jamoasi yangi ish doirasida 17 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan ayollar guruhining fiziologik belgilarini tahlil qildi. Ishtirokchilar umumiy xavotir buzilishi va uyqusizlik uchun ommaviy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Shundan so‘ng ulardan tahlil uchun qon olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayollarning 75 foizida xavotir belgilari, 50 foizdan ortig‘ida uyqu buzilishi kuzatilgan. Ushbu ishtirokchilarda aylanib yuruvchi NK-hujayralar darajasi ham sezilarli darajada pasaygan. Xususan, bu CD16+ va CD56+, ular viruslar va o‘simta hujayralarini tezda yo‘q qilish uchun javobgardir.

Bu psixologik omillar immunitetni pasaytirishi mumkin degan taxminni tasdiqlaydi.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, tabiiy killer-hujayralar organizmning birinchi himoya chizig‘i hisoblanadi. Ularning yetishmasligi nafaqat mavsumiy shamollash xavfini oshiradi, balki xavfli o‘smalar rivojlanishi ustidan immunitet nazoratini ham susaytirishi mumkin. Tadqiqotchilar immunitet buzilishlarining oldini olish protokollariga uyqu va ruhiy holatni tuzatishni kiritish zarurligini ta’kidlamoqda.

Tadqiqotning cheklangan tanloviga qaramay, olingan ma’lumotlar psixoneyrimmunologik aloqalarni yanada o‘rganish uchun asos yaratadi. Ilmiy guruh rejasida xavotirli buzilishlarni davolashda immunitetning tiklanish dinamikasini kuzatish uchun kengroq demografik guruhlarda uzoq muddatli tadqiqotlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid