O‘zbekiston | 20:35 / 17.12.2025
998
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy xodim faoliyatiga to‘sqinlik uchun javobgarlik belgilandi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy boshqarmalari, "Inson" markazlari, Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun jarimalar belgilandi.

Foto: Getty images

Shaharsozlik hujjatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha loyihaning alohida bo‘limi mavjud bo‘lmagan holda ekspert tashkilotlar tomonidan ijobiy xulosa berganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Qayd qilinishicha, bunday qonunbuzarlik BHM 50 baravaridan 70 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy boshqarmalari, "Inson" markazlari, Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularning qonunchilikda belgilangan talablarini bajarmaslik fuqarolarga BHM 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyoz va ijtimoiy kafolatlarni ta’minlamaslik, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHM 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutildi.

Shuningdek, Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zolariga homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida BHM 100 baravarigacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalariga daromad solig‘i solinmaydigan bo‘ldi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.

Bundan tashqari, ayrim qonunlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish uchun mazkur Agentlikka ma’lumotlarga ishlov berish vakolati berilishi nazarda tutildi.

Mavzuga oid