Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lukashenko unga qarshi namoyish yetakchilarini ozod qildi. Nega?
Bir necha kun oldin alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketgan dunyo diplomatiyasida kutilmagan voqea sodir bo‘ldi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 123 mahbusni ozod qildi. Ular orasida 2020 yilgi yirik hukumatga qarshi namoyish yetakchilari ham bor edi.
Lukashenko Tramp bilan kelishganidan keyin uni hukumatdan ketkazmoqchi bo‘lgan odamlarni ozod qilishga rozi bo‘ldi. Bekorga emas, albatta, Vashington Belarusga qarshi ba’zi sanksiyalarni bekor qildi. Bu ish dunyo diplomatiyasi inqirozga yuz tutgan bir vaqtda sodir bo‘lgani bilan ahamiyatli.
Kim o‘zi ular?
Belarusdagi qamoqxonalardan umumiy hisobda 123 mahbus ozod qilindi. Ular orasida 2020 yilgi saylovda qatnashish istagini bildirganidan keyin qamoqqa tashlangan Viktor Babariko, namoyishlar tashkilotchilaridan bo‘lgan muxolifatchi Mariya Kolesnikova, huquq himoyachisi Vladimir Labkovich, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti lauriati Ales Belyatskiy va yana ko‘plab siyosiy mahbuslar bor edi. Ozod qilinganlarning aksari aynan Lukashenko iste’fosini talab qilib o‘tkazilgan namoyishlar sabab qamoqqa olingan siyosiy mahbuslar.
Ozod qilingan 123 mahbusdan 114 nafari kutilmaganda Ukrinaga yuborildi. Odatda Belarusdan ozod qilingan siyosiy mahbuslar Litvaga yuborlardi, lekin bu gal urush ketayotgan Ukraina varianti qabul qilindi. Mahbuslar Ukrainaga yuborilishi varianti oxirgi daqiqalarda ma’lum bo‘lganiga qaramay, Kiyev taklifni tezda qabul qilgan.
Ozod qilingan Viktor Babariko va Mariya Kolesnikova 2020 yilgi namoyishlar vaqtida mamlakatni tark etmasa, qamoqqa olinishini bilgan holda Belarusda qolgandi. Shu bois ular belaruslar orasida qattiq hurmat qilinadi. Bir so‘z bilan aytganda, Lukashenko 2020 yil uning iste’fosini talab qilib ko‘chalarga chiqqan xalqni namoyishga boshlagan muxolif liderlarini ozod qildi. Oldinroq 2020 yil Lukashenkoning eng asosiy siyosiy raqibi sifatida qaralgan Sergey Tixanovskiy ham qamoqdan chiqarilgandi. Lukashenko nega o‘zining siyosiy dushmanlarini ozod qildi?
Diplomatiya g‘alabasi
Albatta, Lukashenko vijdoni uyg‘onib siyosiy mahbuslarni qo‘yib yuborgani yo‘q, bu ish amalga oshishi uchun AQSh prezidenti ma’muriyati ko‘p ter to‘kdi. Ha, belaruslik siyosiy mahbuslar ozod qilinganining eng asosiy sababchisi – AQSh prezidenti Donald Tramp. U Lukashenkoni «kuchli lider» deb maqtadi, maxsus vakilini uchrashuv uchun Belarusga yubordi, sanksiyalarni olib tashlashini aytdi. Xullas, Tramp AQSh diplomatiyasi qilishi kerak bo‘lgan eng asosiy ishni uddaladi – siyosiy mahbuslarni ozod qildi.
Amerika prezidenti ma’muriyati xalqaro siyosatda shug‘ullanishi kerak bo‘lgan eng asosiy masala mana shu axir! Vashingtonda siyosiy kuch bor, Amerika demokratiya himoyachisi ekanini iddao qiladi, bu siyosiy kuch eng avval siyosiy qarashlari uchun qamalgan odamlarni ozod qilish uchun ishlatilishi kerak.
Tramp ma’muriyati bu mahbuslar ozod qilingani evaziga Belarusdan kaliy eksportiga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashladi. Belarus dunyoda eng ko‘p kaliy qazib oladigan davlatlardan biri hisoblanadi, shu bois bu sanksiya bekor qilinishi Minsk uchun katta foyda keltiradi.
Tramp ma’muriyati bu amaliyotda Vashington hamon diplomatiya orqali ko‘p ish qila olishini ko‘rsatdi. Belarusda nimalar bo‘layotganiga ko‘pchilik e’tibor bermadi ham, lekin Trampning vakillari doimiy Minskka borib uchrashuvlar o‘tkazdi, Lukashenkoni ko‘ndirishga harakat qilishdi, Tramp bu haqda hech qanday shovqin ko‘tarmadi, hech kimga muddat bermadi, hech kimni ochiqchasiga ayblab chiqmadi, shunchaki diplomatlar jimgina o‘z ishini qildi va natija bor!
Xuddi shu Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni tugatish uchun nimalar qilmadi deysiz: Ukrainaga bosim qildi, Rossiyaga bosim qildi, Yevropaga bosim qildi, Zelenskiy bilan Oq uyda janjallashdi, unga tahdid qildi, Putinni Alyaskaga chaqirdi, uni maqtadi, yomonladi, har kuni yuzlab post yozdi, shovqin ko‘tardi, lekin befoyda.
Bundan bir xulosaga kelish mumkin: kelishish uchun ikki tomon kerak. Bir tomon kelishishni past ketish, mag‘lubiyat deb bilsa, qo‘shimchasiga u kuchli armiyaga ega bo‘lsa, u bilan kelishib bo‘lmaydi. Belarus muxolofati vakillarini ozod qilish orqali Lukashenko yaxshigina ochko ishlab oldi. Besh yil avval uning «kursisi qimirlab qolgandi», lekin u besh yil ichida kursisini qimirlatganlarni qamab, bugun ularni ozod qilib, yana qahramonga aylanishga ham ulgurdi.
Endi bu muxolifatchilar odamlarni Lukashenkoga qarshi namoyishga chorlamasa kerak, batka kelishuvda bu talabni qo‘ygani ehtimoli yuqori. Yevropaliklar oldida ham Lukashenko siyosiy mahbuslarni ozod qilgan qahramonga aylandi. Zo‘r-a: senga qarshi 4-5 odamni qamab, besh yildan keyin ularni qo‘yib yuborasan va qahramonga aylanasan, ajoyib retsept.
Lekin Tramp hech tinchita olmayotgan narigi muammoda hammasi bir odamni ko‘ndirishga bog‘liq. Ko‘ndirish kerak bo‘lgan u odamga esa sanksiya bekor qilinishi ham, siyosiy ochko ham, yevropaliklar oldida yaxshi ko‘rinish ham kerak emas. Shu bois Trampning urushni tugatishga kuchi yetmayapti. Lekin baribir Tramp jamoasi belaruslik siyosiy mahbuslarni ozod qilib katta ish qildi. Butun dunyoga diplomatiya hamon bor ekanini ko‘rsatdi. Good job, mister Trump.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
20:28 / 17.12.2025
«O‘zbekneftgaz» Trampga yaqin ekani aytiladigan lobbi kompaniya bilan 5 yillik shartnoma imzoladi
12:26 / 17.12.2025
AQSh Venesuela atrofida dengiz blokadasini boshladi
08:51 / 17.12.2025
Tramp Suriya va boshqa davlatlar fuqarolariga AQShga kirishni taqiqladi
20:51 / 16.12.2025