Jahon | 19:08
14502
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Odinsovodagi qotillik yuzasidan Rossiya elchisiga nota topshirdi

Tojikiston TIV ushbu hujum «millatga nafrat asosida» sodir etilganini qayd etgan. Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova ushbu qotillik yuzasidan Tojikistonga hamdardlik bildirganini ma’lum qildi.

Foto: Vitaly Smolnikov/TASS

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva chekkasidagi Odinsovo rayoni Gorki-2 posyolkasida joylashgan maktabda to‘rtinchi sinf o‘quvchisi Qobiljon Aliyev o‘ldirilishini «qat’iy qoraladi».

Tojikiston TIV o‘z bayonotida o‘ldirilgan 10 yoshli bola Qobiljon Aliyev asli tojikistonlik bo‘lganini tasdiqlagan.

«Bu hodisa Tojikiston elchixonasi tomonidan qat’iy nazoratga olindi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy xat yuborilgan. Elchixona doimiy ravishda marhumning onasi bilan bog‘lanib turibdi», – deyilgan vazirlik xabarida.

Vazirlik ushbu hujum «millatga nafrat asosida» sodir etilganini qayd etgan.

«Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 2025 yil 16 dekabrda Moskva oblastidagi Gorki-2 aholi yashash punktidagi Uspenskiy o‘rta maktabining 4-sinf o‘quvchisi, Tojikiston fuqarosi Qobiljon Aliyevga qarshi sodir etilgan va uning o‘limiga olib kelgan milliy nafrat asosida qilingan hujumni qat’iyan qoralaydi», – deyiladi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorev Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Unga «Rossiya tomonidan ushbu fojiali hodisani zudlik bilan, xolis va beg‘araz tergov qilish hamda barcha aloqador shaxslarni qonunning butun qat’iyligi bo‘yicha javobgarlikka tortish talabi bilan» nota topshirilgan.

Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasiga marhumning qarindoshlari va yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lish, shuningdek, ushbu masalani o‘z nazoratiga olish vazifasi qo‘yilgan.

Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova TASS muxbiri bilan suhbatda idora Moskva oblastidagi ushbu qotillik yuzasidan Tojikistonga hamdardlik bildirganini ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik Tojikiston elchixonasiga o‘z yordamini taklif qilgan.

  • 16 dekabr kuni 15 yoshli Timofey K. maktabga pichoq ko‘tarib kelib, qo‘riqchi va o‘quvchilardan biriga hujum qilgandi. Jabrlanuvchilardan biri, to‘rtinchi sinf o‘quvchisi olingan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Hujum qilgan o‘smir qo‘lga olingan. Telegram-kanallarda yozishlaricha, ushbu o‘smirning boshida amerikalik neonatsist, 2014 yilda Charlston shahridagi cherkovda to‘qqiz nafar qora tanlini o‘ldirgan Dilan Rufdan iqtiboslar yozilgan shlem bo‘lgan. U o‘z hujumini videoga olgan. Kadrlarda u o‘qituvchisi bilan turgan bir guruh o‘quvchilarga yaqinlashgani va ulardan qaysi millatga mansubligini so‘ragani aks etgan.

Mavzuga oid