O‘zbekiston | 14:05
1377
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent–Samarqand yangi temiryo‘lining texnik-iqtisodiy asoslari tayyor bo‘ldi

Loyihani Janubiy Koreya ajratgan 3 mln dollarlik grant mablag‘lari asosida, 4 ta koreys kompaniyasidan iborat konsorsium ishlab chiqdi. Tafsilotlar hali ochiqlanmadi. Yangi temiryo‘l Toshkent va Samarqand o‘rtasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdlari qatnovini ko‘paytirish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati

Toshkent–Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikdagi alohida yo‘lovchi temiryo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari taqdim etildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Loyiha TIAsi – Janubiy Koreyaning to‘rtta kompaniyasidan iborat konsorsium tomonidan ishlab chiqildi. Konsorsium tarkibiga “Saman Engineering”, “Dong Meong Engineering Consultans & Architecture Co., Ltd”, “Korea Railroad Corporation” va “Korea National Railway” kiradi.

Tayyor bo‘lgan loyiha 16 dekabr kuni taqdim etildi. Taqdimot tadbirida Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati, tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari, Koreya Eksport-import banki, Xalqaro moliya tashkilotlari vakillari hamda Koreya kompaniyalaridan iborat konsorsium vakillari ishtirok etdi.

Vazirlik xabarida TIA tafsilotlari keltirilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi yangi temiryo‘lning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga Koreyaning Eksport-import banki 3 mln dollar grant ajratgan. TIAni ishlab chiqish ustidagi ishlar joriy yil fevral oyida boshlangan edi.

Ikki yirik shahar o‘rtasidagi hozirgi temiryo‘lda ham yuqori tezlikdagi, ham tezyurar yo‘lovchi poyezdlari, shuningdek, yuk poyezdlari ham qatnayotgani – qatnovlar sonini oshirishga to‘siq bo‘layotgani aytiladi.

O‘zbekiston–2030 strategiyasida Toshkent–Samarqand, Samarqand–Navoiy–Buxoro yo‘nalishlarida yangi tezyurar temiryo‘llar qurish va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish sonini 2023 yilga nisbatan 2,5 baravarga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan hafta Toshkent–Urganch–Xiva yo‘nalishida qatnaydigan, Jaloliddin Manguberdi nomi berilgan Hyundai Rotem poyezdlarining ilk partiyasi Koreyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan edi.

Mavzuga oid