Jahon | 10:09 / 17.12.2025
1199
4 daqiqa o‘qiladi

YeI sharqiy davlatlari RFdan himoyalanish uchun mudofaani kuchaytiradi

Yevroittifoqning sharqiy qanotidagi sakkiz davlat yetakchilari Helsinkidagi sammitda Rossiya bevosita tahdid ekaniga va sharqiy chegaralar mudofaasini mustahkamlash ustida ishlashga kelishib oldi.

Foto: Heikki Saukkomaa/Lehtikuva/REUTERS

Yevropa Ittifoqining sharqiy qanotini himoya qilish Rossiyadan kelayotgan tahdid sharoitida YeI uchun kechiktirib bo‘lmaydigan ustuvor vazifaga aylanishi kerak, deb bildirdi Helsinkidagi sammitda seshanba, 16 dekabr kuni Rossiya bilan chegaradosh Yevroittifoqqa a’zo sakkiz davlatning siyosiy yetakchilari. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan, Finlandiya hukumati saytida joylashtirilgan qo‘shma bayonotda shunday deyiladi: «Rossiya xavfsizligimiz, shuningdek yevroatlantik mintaqadagi tinchlik va barqarorlik uchun eng katta, bevosita va uzoq muddatli tahdidni ifodalaydi».

Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo tashabbusi bilan o‘tkazilgan sammitda Orpodan tashqari, Shvetsiya, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Ruminiya va Bolgariya davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.

«Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi va uning oqibatlari Yevropa xavfsizligi va barqarorligi uchun jiddiy hamda uzoq muddatli tahdidni tashkil etadi. Rossiyaning strategik maqsadlari o‘zgarishsiz qolmoqda: Arktika mintaqasidan boshlanib, Boltiq va Qora dengiz orqali O‘rta Yer dengizigacha cho‘ziladigan bufer zona yaratish. Yevroittifoq va NATOning sharqiy qanoti ushbu tahdidning oldingi safida turibdi, biroq u butun Yevropa qit’asiga daxl qiladi, bu esa shoshilinch va muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishni talab etadi», — deb ta’kidladi Helsinkidagi yuqori darajali uchrashuv qatnashchilari.

Ular «Rossiyadan keladigan an’anaviy tahdidga qo‘shimcha ravishda, Yevropaga qarshi Moskva tomonidan amalga oshirilayotgan murakkab gibrid operatsiyalar va diversiya harakatlari kuchayayotgani»ni qayd etdi. Hujjatda shunday deyiladi: «Rossiya boshqa davlatlarning xavfsizligi va himoyalanganligiga nisbatan bee’tiborlik va tavakkalchilikni namoyon qilmoqda. Jamiyatlarimizni izdan chiqarishga qaratilgan urinishlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan tajovuzkor urushi bir qismi sifatida ko‘rilishi kerak».

Finlandiya hukumati rahbari YeIning sharqiy davlatlarida «tahdidlar bo‘yicha umumiy baholash» mavjudligini va ularning Ukrainaga sodiqligini tasdiqladi. «Biz YeI darajasida mudofaa sohasidagi flagman loyihaning umumiy konsepsiyasi ustida ishlashga kelishib oldik, u sharqiy chegaraga qaratilgan bo‘ladi», — dedi Petteri Orpo.

Helsinki sammiti ishtirokchilari Boltiq davlatlari va Polsha tomonidan chegarani «Boltiq mudofaa liniyasi» va «Sharqiy qalqon» kabi loyihalar yordamida mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni olqishladi. YeIning Eastern Flank Watch («Sharqiy qanotni kuzatish») nomli flagman loyihasi «mavjud tashabbuslarga tayanishi, shuningdek, mudofaa qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun sharqiy qanot bo‘ylab tegishli imkoniyatlarni qamrab olishi va kengaytirishi» kerak, deb bildirdi Rossiya bilan quruqlik yoki dengiz orqali chegaradosh sakkiz davlat yetakchilari.

Bayonotda: «Vaziyat YeIning sharqiy qanotiga muvofiqlashtirilgan va ko‘p tomonlama tezkor yondashuv orqali darhol ustuvor e’tibor qaratishni talab qiladi», — deyiladi. Hujjatga ko‘ra, Eastern Flank Watch tashabbusi, xususan, quyidagi sohalarda imkoniyatlarni mustahkamlashga qaratilgan bo‘ladi: quruqlikda mudofaa, dronlarga qarshi kurashish, havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa, chegaralarni himoya qilish hamda o‘ta muhim infratuzilmani muhofaza qilish.

Sammitda ishtirok etgan mudofaa va kosmos masalalari bo‘yicha YeI komissari Andryus Kubilyus «Rossiyaning urush iqtisodi to‘xtab qolmayapti» deb bildirdi va Yevrokomissiya sharqiy qanot davlatlarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid