Jahon | 13:32
1104
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Tayvanga eng yirik qurol-yarog‘ paketi yetkazib berishni rejalashtirmoqda

Taybeydagi TIV ma’lum qilishicha, AQSh ma’muriyati Tayvanga 11,1 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ paketi sotilishini ma’qullagan. Yetkazib berishni hali Kongress tasdiqlashi kerak. Pekin Tayvanga qurol yetkazib berish rejalarini tanqid qildi.

Foto: Kyodo/picture alliance

Taybeydagi hukumat ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Tayvanga 11,1 mlrd dollar summasiga teng qurol-yarog‘ paketini sotishni ma’qullagan. Tayvan hukumati 18 dekabr, payshanba kuni bildirishicha, paket tarkibiga HIMARS reaktiv yalpi o‘t ochish tizimlari, Javelin tankka qarshi raketalari, Altius uchuvchisiz apparatlari (dronlar), gaubitsalar va boshqa uskunalar uchun ehtiyot qismlar hamda butlovchi detallar kiritilgan.

Taybeyda, shuningdek, bu — Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri Tayvanga mo‘ljallangan qurol-yarog‘ning ikkinchi partiyasi ekani ta’kidlandi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, bu Vashingtonning Tayvan xavfsizligiga qat’iy sodiqligini ko‘rsatadi. Bayonotda paket hozir Kongressda ko‘rib chiqilayotgani, Kongress esa bitimni bloklashi yoki o‘zgartirishi mumkinligi qayd etilgan.

Reuters ta’kidlashicha, bu AQSh Tayvanga yetkazib berishni rejalashtirayotgan rekord miqdordagi qurol-yarog‘ partiyasidir. Bu e’lon Xitoy Tayvanga nisbatan harbiy va diplomatik bosimni kuchaytirayotgan bir paytda yangradi: Pekin Tayvanni o‘zining “isyonkor provinsiyasi” deb hisoblaydi va kuch ishlatish bilan tahdid qiladi. Noyabr oyida AQSh Tayvanga 330 mln dollarlik harbiy yordam paketi berishga va’da qilgan edi — unga qiruvchi samolyotlar hamda harbiy-transport samolyotlari uchun ehtiyot qismlar va butlovchi detallar kirgan.

Shu orada Pekin Tayvanga qurol sotish rejalarini tanqid qildi. Xitoy TIV bayonotiga ko‘ra, bu qadam Xitoy va AQSh o‘rtasidagi diplomatik kelishuvlarni buzadi, XXRning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga jiddiy zarar yetkazadi hamda mintaqaviy barqarorlikni izdan chiqaradi.

Aholisi taxminan 23 mln kishi bo‘lgan Tayvan — qisman tan olingan demokratik davlat. Rasmiy Pekin uni “isyonkor provinsiya” deb hisoblaydi va Xitoy Xalq Respublikasi hududining bir qismi deb biladi. Orol hokimiyati Pekin 1980-yillardan beri ilgari surib kelayotgan “bir mamlakat — ikki tizim” modelini rad etadi. So‘nggi yillarda Xitoy orol sohillari yaqinida ko‘p marta yirik harbiy mashqlar o‘tkazgan, bir qator harbiy tahlilchilar buni ehtimoliy hujum “repetitsiyasi” deb baholagan. Tayvanni materik Xitoydan ajratib turuvchi bo‘g‘oz orqali boshqa mamlakatlarning harbiy kemalari o‘tishi Pekinda provokatsiya sifatida qabul qilinadi.

XXR raisi Si Jinping Tayvanni materik Xitoy bilan “qayta birlashtirish” haqida bir necha bor gapirgan va Pekinning orol ustidan suverenitet o‘rnatishi uchun muddat sifatida 2027 yilni atagan. Trampning ikkinchi prezidentlik muddati esa 2029 yil boshida tugashi kerak.

Vashington Tayvan mustaqilligini tan olmaydi va Taybey bilan diplomatik munosabatlarga ega emas. Shunga qaramay, AQSh 1979 yilda qabul qilingan “Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risida”gi qonun doirasida orolga qurol sotadi. Bu hujjat o‘zini himoya qilish uchun qurol-yarog‘ yetkazib berishni nazarda tutadi.

Mavzuga oid