O‘zbekiston | 09:39
462
2 daqiqa o‘qiladi

Jamoat transportini onlayn kuzatishda uzilishlar bo‘lishi mumkin

20–22 dekabr kunlari Uzbusmonitoring axborot tizimida texnik hamda profilaktika ishlari olib borilishi munosabati bilan avtobuslar harakatini real vaqt rejimida ko‘rsatuvchi mobil ilovalar va onlayn xizmatlarda vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi ehtimol. Yo‘lovchilardan safarni oldindan rejalashtirish so‘ralmoqda.

«Raqamli transport» markazi xabar berishicha, joriy yilning 20–22 dekabr kunlari Uzbusmonitoring axborot tizimida texnik va profilaktika ishlari amalga oshiriladi. Mazkur ishlar tizimning barqarorligini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda axborot xavfsizligini mustahkamlash maqsadida olib borilishi ta’kidlanadi.

Shu kunlar davomida jamoat transporti avtobuslarining harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi mobil ilovalar hamda onlayn platformalarda vaqt-vaqti bilan uzilishlar bo‘lishi mumkin. Xususan, ayrim yo‘nalishlarda avtobuslar joylashuvi kartada kechikib aks etishi, harakat vaqti haqidagi ma’lumotlar yangilanmasligi yoki xizmatlar vaqtincha ishlamay qolishi ehtimoli bor.

Markaz yo‘lovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarga tushunish bilan yondashishni so‘rab, safarlarni imkoni boricha oldindan rejalashtirish, zarurat bo‘lganda bekatlardagi jadval va axborot lavhalariga tayanishni tavsiya qildi.

«Raqamli transport» markazi yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘ragan.

Mavzuga oid