Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mehnat inspeksiyasi hisoboti Senatda tanqid qilindi: nazorat 32 foizga kamaygan
Senatning 12-yalpi majlisida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zohidovga mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi. Senatorlar nazorat tadbirlari o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga kamayganini tanqid qilib, bu holat huquqbuzarliklar oshishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Foto: Oliy Majlis Senati
Majlisda qayd etilganidek, joriy yilning o‘tgan davrida davlat idoralari, korxona va tashkilotlarda xodimlarning mehnat huquqlari, xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarini ta’minlash, adolatli haq to‘lanishi hamda mehnat munosabatlari shaffofligini kuchaytirishga qaratilgan 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqilgan.
Ma’lum qilinishicha, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 12 840 ta davlat nazorati tadbiri o‘tkazilib, 28 801 ta qonun buzilish holati aniqlangan. Kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida mansabdor shaxslarga 5 715 ta yozma ko‘rsatma va 150 ta taqdimnoma kiritilgan.

Norasmiy bandlikni qisqartirish bo‘yicha olib borilgan ishlar doirasida 15 180 ta korxona xatlovdan o‘tkazilib, 69,5 ming ish o‘rni rasmiylashtirilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, senatorlar ayrim yo‘nalishlarda hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar mavjudligini ta’kidladi. Xususan, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari o‘tgan yilga nisbatan 32 foizga kamaygani sohadagi huquqbuzarliklar oshishiga xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi.

Ish joylarida texnik xavfsizlik talablariga amal qilinmagani oqibatida 524 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan. Natijada 806 nafar xodim jabrlangan: ulardan 139 nafari halok bo‘lgan, 417 nafari og‘ir, 250 nafari yengil tan jarohati olgan.
Baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari sifatida ish beruvchilar tomonidan xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilmagani, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlashdagi kamchiliklar, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga amal qilinmagani hamda xodimlarning xavfsizlik madaniyatiga yetarlicha e’tibor berilmayotgani keltirib o‘tildi. Qonunbuzarliklar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 61 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, davlat tashkilotlari tomonidan noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodimlarni ishga tiklashga oid 261 ta sud qarori o‘z vaqtida ijro etilmagani qat’iy tanqid qilinib, bu holat aholi noroziligi va davlat budjeti hisobidan qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.
Muhokama yakunida parlament so‘rovi natijalari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinib, mehnat qonunchiligi ijrosi hamda mehnat huquqlarining kafolatlanishini kuchaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berildi.
Mavzuga oid
18:17 / 18.12.2025
2026 yilda asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgarmaydi
13:32 / 18.12.2025
Senat 2026 yilgi davlat budjetini ma’qulladi
19:25 / 14.11.2025
Tanzila Norboyeva MDH Parlamentlararo Assambleya majlisida qator tashabbuslarni ilgari surdi
20:23 / 12.11.2025