Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Barsa» qishki chempion, «MYu» yana yutqazdi. Kun o‘yinlari
Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Foto: Quality Sport Images/Getty Images
Angliya: Rodjyersning benefisi
«Aston Villa» – «Manchester Yunayted» 2:1
Gollar: Rodjyers, 45 (1:0). Kunya, 45+3 (1:1). Rodjyers, 58 (2:1)
«Aston Villa»: E. Martines, Lindelef, Konsa, Matsen (Din, 75), Kesh, Onana (Buendiya, 84), Kamara (Bogard, 88), Tilemans, Rodjyers, Makginn (Gessan, 84), Uotkins (Malen, 75)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Heven, Shou, Yoro (Leysi, 85), Brunu Fernandesh (L. Martines, 46), Ugarte (Fletcher, 73), Dorgu, Dalot, Maunt, Kunya, Sheshko (Zirkze, 73)
Ogohlantirishlar: Bogard, 90 – Ugarte, 69. Dalot, 72
Birminghemdagi o‘yinda Ruben Amorim Kazemironing diskvalifikatsiyasi, De Lihtning jarohati, shuningdek Mbeumo, Mazraviy va Diallo Afrika kubogiga ketgani tufayli «MYu» boshlang‘ich tarkibini qaytadan tuzishiga to‘g‘ri keldi. Bu APLga moslashishi og‘ir kechayotgan Sheshko uchun boshlang‘ich tarkibga yo‘l ochdi va aynan sloveniyalikning pasidan keyin Mateus Kunya tezkor gol bilan hisobni ochishi mumkin edi. Ammo mehmonlar kuchli startdan keyin biroz ortga chekindi. Birinchi bo‘lim golsiz durangga qarab ketayotganida esa Rodjyers yana bir bor katta sahnaga chiqdi. U chap qanotda Makginning uzun uzatmasini qabul qilib olib, markazga ko‘chdi va to‘pni olis burchakka yo‘naltirdi, darvozabon Lammens esa joyidan qimirlashga ulgurmadi.
«Aston Villa» g‘alabali hisob bilan tanaffusga chiqishga tayyorlanayotgandi, ammo qo‘shimcha daqiqalarda Kesh kutilmaganda Dorguning pressingi ostida to‘p yo‘qotdi va Mateus Kunya anchagina o‘tkir burchakdan ajoyib zarba yo‘lladi. So‘nggi uch daqiqalikda muxlislar undan oldingi 45 daqiqalikdagiga qaraganda ko‘proq voqealarga guvoh bo‘lishdi, «MYu» esa ruhiy jihatdan o‘tgan mavsumdagiga qaraganda ancha o‘zgarganini namoyish etdi.
Ammo jamoalar tanaffusdan qaytganida Brunu Fernandesh jarohat olgani ma’lum bo‘ldi va bu Amorim uchun navbatdagi boshog‘riq. Mezbonlar esa yana bir bor Rodjyersning sa’y-harakatlari bilan darvozani ishg‘ol etib, APLda yigirmata gol urgan eng yosh futbolchiga (23 yoshu 148 kunlik) aylandi.

Shubhasiz, Morgan – Unai Emeri jamoasidagi eng yorqin futbolchi. Ispaniyalik mutaxassis ikki yil muqaddam shaxsan o‘zi chempionshipdagi «Midlsboro»dan olib kelgan Rodjyers oldingi turda «Vest Hem» darvozasiga ham ikki gol urgandi, bungacha «Villa» futbolchilari 1998 yildan buyon (o‘shanda Dion Dablin ketma-ket uch o‘yinda ikkitadan gol urgan) qatorasiga ikki turda dubl qayd etmagan. Mehmonlar safida esa Rodjyers topilmadi, Kunya bunga yaqin kelgandi, ammo uning Dorguning navbatdagi uzatmasidan keyin darvozabon hududida turib boshda yo‘llagan zarbasi xato ketdi. Natijada «qizil iblislar» ochkolar soni bo‘yicha «Chelsi» va «Liverpul»ga yetib olish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi, uchinchi o‘rinda mustahkamlanib olgan «Villa» esa to‘rtinchi o‘rin bilan oradagi farqni olti ochkoga yetkazdi, peshqadam «Arsenal» bilan uch ochkolik farq saqlanib qoldi.

Ispaniya: Simeone – futbolchi almashtirishlar qiroli
«Jirona» – «Atletiko» 0:3
Gollar: Koke, 13 (0:1). Gallaher, 38 (0:2). Grizmann, 90+2 (0:3)
«Jirona»: Gassaniga, Vitor Reys, Blind, Moreno, Franses (Rinkon, 61), Martines (Hil, 61), Vitsel, Martin (Lemar, 71), Roka (Asprilya, 46), Tsigankov (Solis, 71), Vanat
«Atletiko»: Oblak, Gansko, Pubil, Rudjyeri, Liorente (Grizmann, 78), Koke, Barrios, Gonsales (Gallaher, 28, Le Norman, 77), Simeone, Serlot (Raspadori, 83), Alvares (Almada, 77)
Ogohlantirishlar: Martines, 57. Lemar, 84
«Atletiko» o‘z odatiga ko‘ra o‘yin debyutida raqib jarima maydonidagi Syorlot uchun behisob uzatmalar amalga oshirdi va bu o‘z samarasini berdi. Shunday uzatmalardan keyin jarima maydonidan qaytib chiqqan to‘pni madridliklar sardori Koke qoyilmaqom trayektoriya bo‘ylab yuqori burchakka yo‘naltirdi. Faxriy futbolchi qatorasiga ikkinchi turda darvoza to‘rini ishg‘ol etmoqda va «matraschilar» futbolkasida urgan gollari sonini 50 taga yetkazdi (708 o‘yinda). U klub tarixidagi bunday natijaga erishgan oltinchi yarimhimoyachiga aylandi.
Umuman olganda, o‘yin Diyego Simeone shogirdlari uchun oson kechmadi. Hisob 1:0 ekanida Oblak standart vaziyatdan keyin aql bovar qilmas seyv amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi, u sobiq jamoadoshi Vitselning bir necha metr masofadan yo‘llagan zarbasini qaytardi. Keyin esa jarohat tufayli Niko Gonsalesni almashtirishga to‘g‘ri keldi. Ammo aynan uning o‘rniga tushirilgan Gallaher mehmonlarning hisobdagi ustunligini oshirdi. Aniqrog‘i, uning u qadar xavfli chiqmagan zarbasidan keyin to‘p Viktor Reysga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirib, darvozabonni dog‘da qoldirdi. Bu mavsumda jamoaning asosiy jokeriga aylangan Grizmann esa qo‘shimcha daqiqalarda hisobni yirik ko‘rinishga aylantirdi. «Atletiko» chempionatda zaxiradan tushgan futbolchilar urgan gollar soni bo‘yicha yaqqol peshqadam (9).
«Vilyarreal» – «Barselona» 0:2
Gollar: Rafinya, 12 – penalti (0:1). Yamal, 63 (0:2)
«Vilyarreal»: Luis Junior, Marin, Veyga, Kardona, Navarro, Parexo (Masia, 75), Komesanya, Moleyro, Byukenen, Pepe (Oluvaseyi, 75), Peres (Mikautadze, 65)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin, Balde, Kunde (Kasado, 79), de Yong, E. Garsiya (Bernal, 66), Fermin Lopes (Reshford, 63), Rafinya, Yamal, Torres (Levandovski, 62)
Ogohlantirishlar: Byukenen, 73 – de Yong, 58
Chetlatish: Veyga, 39
Yakshanba kungi o‘yin bu mavsumda ikki frontdan faqat birida, la ligada muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan «Vilyarreal» uchun ideal test vazifasini o‘tashi kerak edi. Qolaversa, «Barselona» bilan o‘yinga kelib «sariq submarinalar» allaqachon YeChL pley-offiga chiqishdan umidini uzgan (olti turda 1 ochko) va Segunda vakili «Rasing» bilan o‘yinda yutqazib, Ispaniya kubogini tark etgandi. Ammo Marselino Toral shogirdlari turnir peshqadamiga qarshi o‘yinda tengma-teng o‘yin ko‘rsatdi, ba’zida esa yaxshiroq ham ko‘rindi.
Faqat, mezbonlar baxtiga qarshi, hozirda Rafinya juda yuqori sport formasida. Braziliyalik vinger avvaliga Komesanyani jarima maydoni ichida o‘ziga qarshi fol ishlatishga majbur qildi va penaltini o‘zi aniq ijro etdi, bu uning qatorasiga uchinchi o‘yinda gol urishi bo‘ldi. Keyin esa Rafinyaning chiroyli zarbasi to‘p darvoza ustuniga borishi bilan yakunlandi, bu vaziyatda darvozabon Luiz Junior to‘pni nigohlari bilan kuzatib qolishdan boshqa chora qila olmadi. O‘z navbatida, Byukinen va Ayose Peresga hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi, keyin raqiblar hujumi boshlanishidagi ofsayd holati Kundeni avtogoldan qutqardi, Baldening qo‘pol xatosidan keyin esa Joan Garsiya yaqin masofadan yo‘llangan zarbani to‘sdi, Kubarsi esa to‘pni darvoza chizig‘i oldida to‘xtatib qoldi.
Bo‘lim oxirida Renatu Veyga maydon markazida Yamalga ortdan qo‘pollik ishlatib, jamoasini qiyin ahvolda qoldirdi.
Lamin bu holatda «jon berayotgandek» tipirchiladi, ammo raqib maydondan chetlatilgach, o‘rnidan turib, hech narsa bo‘lmagandek o‘ynashda davom etdi va uning to‘p bilan har bir uchrashishi hushtakbozlik bilan qarshi olindi.
Futbolchi esa raqib muxlislariga goli bilan javob qaytarib, bu golni raqib muxlislari qarshisiga borib nishonladi.
Lekin ikkinchi gol ham o‘yindagi intrigaga barham bermadi. «Vilyarreal» yanada katta kuch bilan oldinga tashlandi. Marin Parexaning uzatmasidan keyin bir necha metr masofadan turib yaqin burchakka zarba yo‘lladi. Garsiya esa navbatdagi marta qahramonlik ko‘rsatib, jamoasini muqarrar goldan qutqardi. U keyinroq yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan Mikautadze bilan duelda ham g‘olib keldi.
O‘yinda hisob boshqa o‘zgarmadi. «Barselona» to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilaridan biri bilan oradagi farqni oshirdi – endi «Vilyarreal» 11 ochkoga ortda qolmoqda (zaxirada ikki o‘yin bor). «Real» bilan oradagi farq esa yana to‘rt ochkoga yetdi – kataloniyaliklar tanaffusga a’lo kayfiyatda yo‘l oldi.

Germaniya: navbatdagi yirik g‘alaba
«Haydenhaym» – «Bavariya» 0:4
Gollar: Stanishich, 15 (0:1). Olise, 32 (0:2). Dias, 86 (0:3). Keyn, 90+2 (0:4)
«Haydenhaym»: Ramay, Maynka, Gimber, Bush (Nihyus, 66), Sheppner (Kaufmann, 66), Dorsh, Ferenbah, Traore, Honzak (Ibrahimovich, 46), Kerber (Shimmer, 46), Piringer (Konte, 66)
«Bavariya»: Urbig, Upamekano (Kiala, 90+1), Ta, Ito (Deyvis, 73), Stanishich, Goretska, Rafael Gerreyru (Santush Dayber, 72), Karl (Gnabri, 63), Dias, Olise (Mayk, 90+1), Keyn
O‘tgan turda turnir jadvalining so‘nggi o‘rnida borayotgan «Mayns»ga yutqazib qo‘yishiga bir baxya qolgan «Bavariya» boshqa bir autsayderga qarshi o‘yin oldidan kerakli xulosalarni olgani ma’lum bo‘ldi. Birinchi bo‘limda myunxenliklar «Haydenhaym» darvozasiga ikkita gol urishdi. Burchak zarbasi ijro etilganida olis ustun oldida turgan Jonatan Ta boshi bilan to‘pni boshqa bir himoyachi – Stanishichga yetkazib berdi. Ikkinchi golli hujum esa Karlning Keynga diagonal uzatmasi bilan boshlandi. Harrining zarbasini himoyachi to‘sdi, ammo qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Ito yetib keldi va u Olisega assistentlik qildi.
Shu bilan birga, Vensan Kompani jamoasida barchasi ideal kechdi deyish qiyin. Aksincha, 17-o‘rindagi raqib ikkinchi bo‘lim davomida nafaqat hisobni qisqartirish, balki muvozanatni tiklash uchun yetarli bo‘lgan vaziyatlarga ega bo‘ldi. Amaldagi chempionlarni to‘sin va ustunlar, «Haydenhaym» futbolchilarining zarba berishdagi noaniqligi va darvozabon Urbig qutqarib turdi. «Bavariya» futbolchilari esa o‘yin oxirida vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha master-klass o‘tib berishdi. Avvaliga Stanishichning uzatmasidan keyin YeChL va Bundesligadagi diskvalifikatsiyani o‘tab, futbolga qaytgan Luis Dias hisobni yiriklashtirdi. Keyin esa Keyn mavsumdagi 30-golini urdi.

Mavzuga oid
11:04 / 21.12.2025
Mbappe Ronalduning rekordini takrorladi, Holand yangiladi. Kun o‘yinlari
11:25 / 16.12.2025
«MYu» va «Bornmut» o‘yini gollar shousiga aylandi
14:40 / 15.12.2025
«Siti»da yirik g‘alaba, brazillar Alonsoni qutqardi
22:11 / 14.12.2025