Jahon | 13:50 / 22.12.2025
2032
3 daqiqa o‘qiladi

Ryutte: Putinni tinchlikka faqat Tramp majburlay oladi

NATO bosh kotibi Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Trampning sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Mark Ryuttening fikricha, favqulodda vaziyatda alyans AQSh qo‘llab-quvvatloviga tayana oladi: “AQSh ochiq aytdi - Yevropada qoladi”.

Foto: Yves Herman/REUTERS

Ukrainada Rossiya rahbari Vladimir Putinni tinchlik kelishuviga majburlay oladigan faqat AQSh prezidenti Donald Tramp, dedi NATO bosh kotibi Mark Ryutte. Bu fikr 21 dekabr, yakshanba kuni Bild am Sonntag gazetasi e’lon qilgan intervyuda keltirilgan.

Ryutte qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan urushni tugatish bo‘yicha Oq uy rahbarining sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. “Tramp bu masalaga mutlaqo sodiq. U bu urushni tugatishga diqqatini qaratgan”, — deb ta’kidladi alyans rahbari.

Ryuttening aytishicha, Putinni muzokara stoliga o‘tirishga majburlay olgan yagona shaxs — Oq uy rahbaridir va oxir-oqibat uni tinchlik tuzishga majburlay oladigan ham aynan o‘sha, deb hisoblaydi u. “Shuning uchun men unga (Trampga — tahr.) katta hurmat bilan qarayman”, — dedi Mark Ryutte.

Uning fikricha, favqulodda vaziyatda NATO AQSh qo‘llab-quvvatloviga ishona oladi: “AQSh ochiq aytdi — Yevropada qoladi — ham yadroviy, ham an’anaviy (qurol-yarog‘) rejalarda. Qo‘shinlarni Yevropadan olib chiqish muhokama qilinmayapti”.

Shu bilan birga, Ryutte qo‘shimcha qilishicha, Yevropa hamjamiyati mudofaa xarajatlarini sezilarli oshirish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmoqda, “Ko‘ngillilar koalitsiyasi” doirasida Ukraina uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqda va NATOning sharqiy qanotini mustahkamlamoqda.

Ryutte AQSh Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatib qo‘yishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni ham rad etdi. “Men bu umuman mumkin, deb hisoblamayman. Hozirgi paytda biz axborot almashinuvi va Ukrainaga qurol yetkazib berish davom etayotganini ko‘ryapmiz”, — dedi u.

Bundan oldin Mark Ryutte AQShning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga yakun yasash bo‘yicha muzokaralari faollashgan bir paytda Berlinga tashrif buyurgan. NATO bosh kotibi, jumladan, 11 dekabr kungi nutqida Kiyev urushda mag‘lub bo‘lsa, oqibatlari qanday bo‘lishini o‘ylab ko‘rishga chaqirgan. “Biz — Rossiyaning keyingi nishonimiz”, — deb ta’kidlagan u.

Uning aytishicha, bunday holatda RFning NATOga hujum qilish xavfi ortadi, Rossiya armiyasi esa 2030 yilga borib bunday hujumga tayyor bo‘ladi. Shu bilan birga, NATOga sharqiy qanotga hozirgidek alohida brigadalarni emas, ancha yirik qo‘shin birlashmalarini ko‘chirishga to‘g‘ri keladi.

Bosh kotib ehtimoliy ssenariyni hatto Ikkinchi jahon urushi bilan qiyosladi: “Biz bobolarimiz boshidan kechirgan o‘sha turdagi urushga tayyor bo‘lishimiz kerak”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid