Ayollar dunyosi | 14:47 / 22.12.2025
3945
4 daqiqa o‘qiladi

Saratonning oldini olish mumkinmi? Mutaxassislar tavsiya qiladigan mahsulotlar

Mutaxassislar ta’kidlashicha, saratondan to‘liq himoyalanish imkonsiz bo‘lsa-da, sog‘lom va muvozanatli ovqatlanish orqali kasallik xavfini kamaytirish mumkin. Ilmiy tadqiqotlar qaysi mahsulotlar foydali, qaysilari esa xavfli ekanini ko‘rsatmoqda.

Foto: onco18.ru

Ko‘plab onkologlar saraton kasalliklarining eng samarali profilaktikasi — sog‘lom va muvozanatli ovqatlanish ekanligini aytishadi. Chunki o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida ayrim mahsulotlar muntazam iste’mol qilinganda onkologik kasalliklar rivojlanish xavfini kamaytirishi aniqlangan. Shunday foydali mahsulotlar haqida bilasizmi?

Ratsionda bo‘lishi tavsiya etiladigan mahsulotlar

Karam

Brokkoli, oddiy, gulkaram va bryussel karami tarkibida antioksidantlar mavjud. Ular ko‘krak bezi saratoni va boshqa turdagi o‘smalar xavfini kamaytirishga yordam beradi. Karam tarkibidagi izotiosianat moddasi o‘sma hujayralari uchun zaharli bo‘lib, sog‘lom hujayralarga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Don mahsulotlari

Dukkakli mahsulotlar antioksidantlar, ozuqa tolalari va fitoestrogenlarga boy. Ular ichak saratoni xavfini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega. Loviya, no‘xat, so‘li, mosh va yasmiq kabilar shular jumlasidandir.

Qora-yashil bargli ko‘katlar

Shpinat, rukkola, rayhon kabi ko‘katlar karotinoidlarga boy bo‘lib, organizmdan xavfli erkin radikallarni chiqarishga yordam beradi.

Uzum

Uzum tarkibidagi resveratrol kuchli antioksidant bo‘lib, hujayralarning shikastlanishining oldini olishi mumkin.

Ko‘k choy

Ko‘k choy flavonoidlarga boy. Ularning ayrim turdagi saratonlar — jumladan, ichak, jigar, ko‘krak bezi va prostata saratoni rivojlanishini sekinlashtirish xususiyati borligi qayd etilgan.

Pomidor

Pomidor tarkibidagi likopin moddasi prostata, ko‘krak bezi, o‘pka va oshqozon saratoni xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Chernika (qora malina)

Boshqa rezavorlarga nisbatan foydali moddalarga boy bo‘lgan chernika turli xil saraton kasalliklari xavfini kamaytirishi mumkin.

Zig‘ir urug‘i

Zig‘ir urug‘ida lignanlar mavjud bo‘lib, ular antioksidant ta’sir ko‘rsatadi va saraton hujayralarining rivojlanishini to‘xtatishga yordam beradi.

Dengiz o‘tlari

Dengiz o‘tlari tarkibidagi ayrim kislotalar o‘pka saratonini davolashda qo‘llanishi mumkinligi haqida ilmiy ma’lumotlar mavjud.

Tsitrus mevalar

Greypfrut, apelsin va limonlar immun tizimini faollashtiruvchi moddalarga boy. Ayrim tadqiqotlar greypfrut ko‘krak bezi saratoni rivojlanishini sekinlashtirishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Kofe

Amerika tadqiqotchilari xulosasiga ko‘ra, kofe iste’moli teri saratonining ayrim turlari — bazal hujayrali karsinoma, ploskokletkali karsinoma va melanoma xavfini kamaytirishi mumkin.

Xavf zonasi: qaysi ovqatlar saraton xavfini oshiradi?

Ortiqcha shirinliklar

Shvetsiyalik olimlar ma’lum qilishicha, shirinliklarni tez-tez iste’mol qilish bachadon saratoni xavfini oshiradi. Haftada 2–3 marta shirinlik yeydigan ayollarda xavf 33 foizga, undan ko‘p iste’mol qilinsa — 42 foizga oshadi.

Spirtli ichimliklar

Oksford universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, hatto kam miqdordagi alkogol ham saraton xavfini oshiradi. Ayniqsa, ko‘krak bezi, og‘iz bo‘shlig‘i, qizilo‘ngach va ichak saratoni bilan bog‘liq xavf yuqori.

Muhim eslatma

Hozirda saratonning 100 dan ortiq turi mavjud. Shundan taxminan 80 foizi erta bosqichda aniqlansa, to‘liq davolanishi mumkin. Quyidagi holatlarda shifokor-onkologga murojaat qilish tavsiya etiladi:

  • 1 oydan ortiq vaqt davomida 37–37,3 daraja atrofidagi sababsiz isitma chiqsa;
  • limfa tugunlari uzoq vaqt davomida kattalashgan bo‘lsa;
  • tanadagi xollar shakli yoki rangi o‘zgarsa;
  • ayollarda ko‘krak bezida qattiqlashish yoki noodatiy ajralishlar paydo bo‘lsa;

Har qanday belgini e’tiborsiz qoldirmang — o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish hayotni saqlab qolishi mumkin.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid