Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina razvedkasi Lipetskda ikki qiruvchi yoqib yuborilganini ma’lum qildi
Ukraina razvedka boshqarmasi Su-27 samolyotlari diversant orqali yo‘q qilingani va ularning umumiy qiymati 100 million dollarga borishini ma’lum qilgan.
Foto: Videodan kadr
Ukrainalik diversant Lipetsk shahri yaqinidagi harbiy aerodromda Rossiyaning ikkita qiruvchi samolyotiga o‘t qo‘ygan. Bu haqda Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka xizmati xabar bermoqda.
Idora diversant tomonidan olingani aytilgan videorolikni taqdim etgan. Videoda u uchish maydonchasiga kirishi, shundan keyin samolyotlarga o‘t qo‘yishi aks etgan – u samolyotlardan birining kabinasiga ham kirib ko‘rgan. Video qorong‘ida olingan, shu tufayli s’yomka qayerda bo‘lganini aniqlab bo‘lmaydi.
Razvedka boshqarmasi ta’kidlashicha, ushbu amaliyot ikki hafta davomida rejalashtirilgan. Diversant aerodrom hududini tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Samolyotlar safdan chiqarilgan – bular umumiy qiymati 100 million dollargacha yetadigan Su-27 qiruvchilaridir.
Rossiya mudofaa vazirligi hodisa yuzasidan rasman izoh bermadi va samolyotlar yo‘q qilinganini tasdiqlamadi, biroq ba’zi yirik Z-kanallar bu haqda yozdi va qo‘poruvchilik osonlik bilan amalga oshirilganiga alohida e’tibor qaratdi.
«Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi yana bir bor mahalliy aviabazalar perimetrining qo‘riqlanish darajasini namoyish etmoqda», – deya ta’kidladi «Voyennyy osvedomitel» (622 ming obunachisi bor). Zapiski Veterana kanali (309 ming obunachi) yozishicha, aerodromlarni qo‘riqlash bo‘linmalari avvalroq Havo-kosmik kuchlarining piyoda polkiga aylantirilgan va endi «Vovchanskni shturm qilish vazifalarini bajarmoqda».