Jahon | 10:36
1864
4 daqiqa o‘qiladi

Ushakov: Ukraina, YeI va AQSh takliflarining ko‘pchiligi to‘g‘ri kelmaydi

RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov AQSh, Ukraina va Yevropa ishtirokida Floridada bo‘lib o‘tgan so‘nggi tinchlik muzokaralarida ishlab chiqilgan takliflarning aksariyati Moskvaga “qat’iy ravishda to‘g‘ri kelmasligini” aytdi.

Foto: TASS/POOL/Kristina Kormilitsyna

RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Ukrainadagi vaziyatni tinchlik yo‘li bilan tartibga solish masalasi bo‘yicha Mayamida Amerika, Yevropa va Ukraina tomonlari o‘rtasida o‘tgan muzokaralar yakunlarini sharhlar ekan, 21 dekabr, yakshanba kuni o‘tkazilgan suhbatlarda shakllantirilgan takliflarning ko‘pchiligi Moskvaga “qat’iy ravishda to‘g‘ri kelmasligi” mumkin, degan fikrni bildirdi.

Shu bilan birga, u Kreml pozitsiyasi RF prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev 22 dekabr kuni Rossiyaga qaytib, muzokaralar natijalari haqida mamlakat prezidenti Vladimir Putinga hisobot berganidan keyin ishlab chiqilishini aniqlashtirdi.

“Janob Dmitriyev hozir Mayamida xizmat safarida. U amerikaliklar yevropaliklar va ukrainaliklardan qandaydir signallarni olib keladi. Biz buning hammasini shu yerda muhokama qilamiz, nimani qabul qilish mumkin, nimani mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ko‘rib chiqamiz”, — dedi Ushakov “Rossiya 1” telekanali (VGTRK)ning “Moskva. Kreml. Putin” dasturi boshlovchisi Pavel Zarubinga bergan intervyusida. “Menimcha, takliflarning ko‘pchiligi bizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi, chunki biz Ankorijda va amerikalik vakillar bilan boshqa uchrashuvlarda kelishib olgan narsalarimizga amal qilamiz”, — deb qo‘shimcha qildi u.

Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Dmitriyev AQShdagi aloqalari haqida allaqachon “nimadir xabar qilib turibdi”.

Shu orada Mayamidagi ukrain delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov AQSh–Ukraina formatidagi uchrashuvni “konstruktiv” deb atadi. Uning aytishicha, ushbu uchrashuvda asosiy e’tibor to‘rtta muhim hujjatga qaratilgan: Ukraina bo‘yicha AQShning 20 banddan iborat tinchlik rejasini yanada ishlab chiqishni davom ettirish, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ko‘p tomonlama hadli kelishuv yuzasidan pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, AQSh tomonidan xavfsizlik kafolatlari haqida ikki tomonlama kelishuv bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, shuningdek, iqtisodiy rivojlanish rejasi.

Rustem Umerovdan tashqari, ukrain delegatsiyasi tarkibiga Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Andrey Gnatov ham kirgan. AQSh tomonidan muzokaralarda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff, AQSh davlat rahbari Donald Trampning kuyovi Jared Kushner, shuningdek Oq uy xodimi Josh Gryunbaum ishtirok etgan. Muhokamalarga Ukraina, AQSh va Yevropaning umumiy strategik yondashuvini muvofiqlashtirish maqsadida milliy xavfsizlik bo‘yicha asosiy yevropalik maslahatchilar ham qo‘shilgan.

Stiv Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, Kirill Dmitriyev “oxirgi ikki kun davomida Floridada Amerika delegatsiyasi bilan prezident Donald Trampning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini ilgari surish maqsadida samarali va konstruktiv uchrashuvlar o‘tkazgan”. “Rossiya Ukrainada tinchlikka erishishga to‘liq sodiq qolmoqda. Rossiya Ukraina nizosini hal qilish va global xavfsizlikni tiklash ishida AQShning sa’y-harakatlari va qo‘llab-quvvatlashini yuksak qadrlaydi”, — deb yozdi Uitkoff 22 dekabrga o‘tar kechasi X’dagi mikroblogida.

Mavzuga oid