Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Deutsche Bahn'da kechikish rekordi: punktuallik 59 foizga tushdi
2024 yilda Germaniyada uzoq masofaga qatnaydigan poyezdlarning qariyb har 20-reysi bekor qilingan - 2020 yildan beri bu ko‘rsatkich deyarli ikki baravar oshgan. Deutsche Bahn poyezdlarining bor-yo‘g‘i 59 foizi manzilga o‘z vaqtida yetib kelgan.
Foto: picture-alliance/dpa/C. Schmidt
2024 yilda Germaniyada uzoq masofali poyezdlarning qariyb har 20-reysi bekor qilingan. Manzilga o‘z vaqtida (YeI me’yorlariga ko‘ra — eng ko‘pi bilan 5 daqiqa kechikishda) yetib kelgan Deutsche Bahn (DB) — mamlakatning asosiy temiryo‘l operatori — poyezdlarining ulushi esa bor-yo‘g‘i 59 foizni tashkil etgan. Die Welt gazetasi jurnalistlari dushanba kuni, 22 dekabrda, bu kamida 21 yil ichidagi eng yomon ko‘rsatkich ekaniga e’tibor qaratdi. Ushbu ma’lumotlar Federal tarmoq agentligi tomonidan juma kuni, 19 dekabrda e’lon qilingan temiryo‘l tashuvlari bozori tahlilida keltirilgan.
Nemis temiryo‘llarining samaradorlik ko‘rsatkichlari bir necha yildan beri pasayib kelmoqda. 2020 yil bilan solishtirganda uzoq masofali poyezd reyslarining bekor qilinishi ulushi deyarli ikki baravarga — 2,5 foizdan 4,8 foizgacha oshgan.
Statistikada faqat DB reyslari emas (2024 yilda u shaharlararo tashuvlar bozorining 93 foizini egallagan), balki boshqa temiryo‘l tashuvchilarining reyslari ham hisobga olingan. DB'ning o‘zi ma’lum qilishicha, o‘tgan yili uning uzoq masofali reyslarining 4 foizi bekor qilingan, ularning yarmi — ish tashlashlar sababli.
Yo‘lning yarmida to‘xtatib qo‘yiladigan uzoq masofali reyslar — ya’ni poyezd manzilgacha yetib bormay bekor qilinadigan holatlar soni ham hanuz oshib bormoqda. 2024 yilda tashuvlarning 7,3 foizi aynan shunday yakunlangan, 2020 yilda esa bu ko‘rsatkich 4,2 foiz edi.
Die Welt baholashicha, reyslar bilan bog‘liq muammolarning asosiy ehtimoliy sabablari orasida kadrlar yetishmasligi, temiryo‘l yo‘llarida qurilish ishlari, ish tashlashlar va texnik nosozliklar bor.
Muammolar davom etayotgan bir paytda DB rahbari Evelin Palla (Evelyn Palla) — u 2025 yil 1 oktyabrdan bu lavozimda — “ehtimol, temiryo‘llar tarixidagi eng yirik transformatsiya” haqida e’lon qildi. Xususan, u boshqaruv kengashi tarkibini qisqartirish va kompaniya boshqaruvini markazdan chiqarish (desentralizatsiya)ni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, yaqin yillarda DB ishida jiddiy yaxshilanish baribir kutilmayapti. Die Welt yozishicha, ekspertlar 2029 yilgacha uzoq masofali reyslarning punktualligi 70 foizga yetishiga ishonmaydi.
Mavzuga oid
14:19 / 22.12.2025
Germaniya 2025 yilda oilani birlashtirish bo‘yicha 100 mingdan ortiq viza berdi
13:00 / 22.12.2025
2025 yilda Germaniya osmonida 1000 ta shubhali dron qayd etildi
14:53 / 20.12.2025
Ukraina uchun yangi kredit Germaniyaga milliardlarga tushadi
11:28 / 20.12.2025