Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil hukumati armiya radiosini yopishni ma’qulladi
Isroil Vazirlar mahkamasi mudofaa vaziri Israel Katsning armiya radiostansiyasi - “Galey TsAXAL”ni yopish talabi (taklifi)ni “yakdil” tarzda qo‘llab-quvvatladi. Bosh prokuratura va muxolifat bu qadamni matbuot erkinligini buzuvchi deb tanqid qilmoqda.
Isroil hukumati dushanba kuni, 22 dekabrda, mamlakat mudofaa vaziri Israel Katsning “Galey TsAXAL” armiya radiostansiyasini yopish haqidagi taklifini yakdil tarzda qo‘llab-quvvatladi. Bu qadamga asos sifatida radiostansiya qurolli kuchlar qadriyatlariga mos kelmaydigan “jamiyatni bo‘luvchi mazmundagi kontent”ni efirga uzatadi, degan da’vo keltirildi.
Bosh vazir Binyamin Netanyahu Katsning “Galey TsAXAL”ni yopish talabi qo‘llab-quvvatlanishiga chaqirdi. “Faqat Shimoliy Koreyada va, ehtimol, yana bir necha davlatlarda jamoatchilikka oid axborot radiostansiyalarini qurolli kuchlar nazorat qiladi. Albatta, biz ularga o‘xshashni istamaymiz”, — dedi u.
Bundan oldin Isroil bosh prokurori Gali Baxarav-Miara bunday qadamning to‘g‘riligiga shubha qilib, uni matbuot erkinligining buzilishiga olib kelishi va jamoat-huquqiy teleradioeshittirishlarga siyosiy ta’sirning namoyon bo‘lishi sifatida baholash mumkinligidan xavotir bildirgan edi. Isroil bosh prokuraturasi fikricha, radiostansiyani yopish haqida qaror Knessetda ovoz berish asosida qabul qilinishi kerak. Idora bayonotida: hukumat qarori “zarur huquqiy mezonlarga javob bermaydi, hozirgi ko‘rinishida unga amal qilib bo‘lmaydi”, — deyiladi.
Tanqid bilan Isroil muxolifatining yetakchilaridan biri, mamlakatning sobiq bosh vaziri Yair Lapid ham chiqdi. U X tarmog‘idagi mikroblogida, xususan, “Galey TsAXAL”ni yopish “saylov davrida Isroilda fikr erkinligini bo‘g‘ishga qaratilgan hukumat sa’y-harakatlarining bir qismi” ekanini ta’kidladi.
“Galey TsAXAL” radiostansiyasi 1950 yilda tashkil etilgan. Uning xodimlari orasida ham fuqarolar, ham harbiy xizmatchilar bor. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, u Isroilda mashhurlik bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Radiostansiya yuqori obro‘ga ega bo‘lib, mustaqil jurnalistik axborot manbasi deb hisoblanadi. Unga xorijiy OAV muntazam ravishda tayanadi.
Isroil hukumati qaroriga ko‘ra, “Galey TsAXAL” radiostansiyasi efirga uzatishni 2026 yil 1 martdan kechiktirmay to‘xtatishi kerak.