Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Kun.uz’da chiqqan video sabab orzumga erishdim” – Harvard grantini yutgan qiz
Dilafruz Sobirova Farg‘ona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi. IELTS’dan 8, SAT imtihonidan 1540 ballni qo‘lga kiritgan, nemis tilidan Multilevel imtihonida ham B2 darajani egallagan. U Harvard universitetiga 100 foizlik grantni qo‘lga kiritib integratsiyalashgan biologiya yo‘nalishiga qabul qilindi. Qahramonimiz Kun.uz’da e’lon qilingan Go‘zalxon Haydarova haqidagi videomaterialni ko‘rib ilhomlanib orzusiga erishgani haqida so‘zlab berdi.
Dilafruz Sobirova prezident maktabida eko-qo‘mita sardori, Yangi O‘zbekiston universiteti tomonidan tashkillangan Hogwars yozgi oromgohi qatnashchisi, Breakthrough Junior Challenge Top 30%dagi video sohibasi, Hippo xalqaro ingliz tili olimpiadasi 2022-2023 yarim-finalisti va ingliz tili olimpiadasining viloyat bosqichi g‘olibasi bo‘lgan ekan.
Go‘zalxon Haydarovaning intervyusi hayotimni o‘zgartirdi...
Men Harvard universitetining integratsiyalashgan biologiya yo‘nalishiga 100 foiz grant bilan qabul qilindim. Farg‘ona shahridagi prezident maktabida o‘qiyotgan paytimda namanganlik Go‘zalxon Haydarova Harvardga o‘qishga kiribdi, degan xushxabarni aytishgandi bizga. U bu muvaffaqiyatga qanday erishgani haqida Kun.uz saytiga intervyu bergan ekan. O‘shanda 168 nafar o‘quvchini yig‘ib, ana shu intervyuni qo‘yib berishgandi. Aynan shu videoni ko‘rib (o‘sha paytda 8-sinf o‘quvchisi edim) men ham Harvardga kiraman, deb ichimda orzu paydo bo‘lgandi. Shundan so‘ng Telegram’dagi profilimga Harvard universitetining rasmini qo‘yganman. O‘shandan beri hali o‘zgartirganim yo‘q. Alloh nasib qilgan ekan ikki yil o‘tib, o‘sha universitetga qabul qilindim. Bugun ertalab soat 5:00 da chiqdi natijalar.
Natijalar chiqqach ustozim Jons Hopkins universiteti talabasi Bobur Baxtiyorov tabriklagani keldi. Natijalar chiqishini hammasiz intiq bo‘lib kutayotgan edik. Natijani ko‘rib o‘zimni nazorat qila olmadim, ko‘zimga yosh kelib ketdi-da. Shuncha yil kutgan narsam xuddi ishonib bo‘lmaydigan tushga o‘xshar edi-da. Tushda ham shunaqa bo‘lishi mumkin-ku, balki tush ko‘ryapman deb o‘yladim. Keyin yo‘q, hammasi haqiqat ekan...
Harvardni Harvard qiladigan o‘quvchilarning natijalari...
Quva tumanining Xonobod qishlog‘ida yashaymiz. Otam shifokor, onam o‘qituvchi, oilada to‘ng‘ich farzandman. Ota-onam bu yutug‘imdan boshlari ko‘kka yetdi. Boshimdan o‘tgani shu bo‘ldiki, inson eng avvallo orzuga albatta erishaman deb ishonishi kerak ekan. Chunki ko‘pchilik Harvard katta universitet, kira olmaysan deyishgandi. Lekin niyatimdan qaytmadim. Nega? Chunki o‘zimda o‘sha ishonchni topishimga o‘sha profilga qo‘ygan universitet surati, ko‘rgan videomaterial yordam berdi.
Harvardga hamma ham bora olmaydi. Ingliz tilini, matematikani bilishingiz kerak, fanlarni yetarlicha o‘zlashtira olishingiz kerak. Iqtidorli o‘quvchilar juda ko‘p. Lekin Harvard hamma iqtidorlilarni ham qabul qila olmaydi. Joyi cheklangan. Misol uchun O‘zbekistondan deylik bitta o‘quvchi qabul qilgan bo‘lsa kerak. Lekin yurtimizdan o‘sha nufuzli oliygohga xujjat topshirgan o‘quvchilarning deyarli hammasi iqtidorli edi. Misol uchun, tajribamda o‘tgan: darsdan tashqari ekologiya muammolari bilan shug‘ullanardim. Biologiya bo‘yicha tajribalar qilib, ularni video shaklida Instagram’ga, YouTube’ga joylar edim. Ba’zilarini o‘zbek, ba’zilarini ingliz tilida. Darsdan tashqari vaqtimni samarali o‘tkazishga harakat qilganman. Chunki bilaman, hammamiz bir xil dars o‘qiymiz, bir xil narsamiz bor. Lekin bizni ajratadigan narsa darsdan keyin nima qilishimiz bo‘lgan. Shuning uchun boshqalardan ajralib turadigan hamda odamlarga foyda keltiradigan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga harakat qilganman. Ayollarni, xotin-qizlarni yig‘ib, ham onlayn, ham oflayn dars o‘tganmiz. Farg‘ona Davlat universitetidan o‘qitishni boshlaganmiz. Keyin onlayn o‘qitishni ham yo‘lga qo‘ydik. Aynan shu kabi biz qilgan mashg‘ulotlarimiz boshqalardan ajratib turgan va bizni odamlarga yordam bera olganimiz va aynan yordam berish jarayonida o‘zimizda ham bo‘lgan o‘zgarish aynan Harvardga ma’qul kelgan. Ularda shunday his bo‘lganki, demak, bu o‘quvchi shuncha o‘qibdi, shuncha narsani qilibdi. Demak, bizning universitetimizga kelganda ham biz bergan resurslardan samarali foydalana olib, deylik, prezident bo‘la oladi, Nobel yuta oladi. Bizning Harvardni dunyoga tanita oladi. Harvardni Harvard qiladigan o‘quvchilarning natijalari. Ularga natija qiladigan o‘quvchi kerak. Qayerdan bilishadi? Ular taxmin qila olmaydi. Aniq bilishmaydi, lekin o‘quvchining qilgan ishiga qarab nima qila olishini taxmin qilishadi.
Ibn Sino izdoshi...
Uyimizdagi issiqxonada gullar parvarish qilamiz. Bolaligimdan, tug‘ilganimdan boshlab gullarni ko‘rib voyaga yetganman. Yashillikni ko‘rib tabiiy fanlarga qiziqib qolganman.
Atrofda, ayniqsa O‘zbekistonda ekologik muammolar ko‘p. Ayniqsa havo ifloslanishi Toshkentda, o‘zimizning Farg‘onada ham yetarlicha. Biologiyani aynan tabiatdagi muammolarni yechish uchun foydalanishimiz mumkin. Barcha qiziqishimlarni birlashtirishga qaror qildim va ko‘rdimki Harvardda shunday yo‘nalish bor ekan...
Biologiyani tabiatni himoya qilish sohasida qo‘llamoqchiman. Aynan shu tabiatdagi muammolarni yechish uchun biologiyani ishlatmoqchiman. Bundan tashqari genetikani ko‘proq o‘rganmoqchiman. Aynan biz gullarni birlashtirganmiz, gullarning genlarini. Kelib yana balki genetika sohasida O‘zbekistonda kashfiyot qilishim mumkin. Ibn Sino bobolarimiz aynan shu biologiya, tibbiyot, genetika sohasida butun dunyoda birinchi bo‘lishgan. Avitsenna nomini olgan butun Yevropa bo‘yicha. Lekin orada uzilish bo‘ldi. Endi yana o‘sha uzilishdan keyin yana o‘sha uchinchi Renessans, prezidentimiz aytganidek, uchinchi Renessansning poydevorini qo‘yib, yana o‘sha ajdodlarga mos avlod bo‘lib, aynan ularning nomini qaytarmoqchiman. Xuddi ibn Sinodek Dilafro‘z deganda butun dunyo bilishini xohlayman.
Eng muhimi orzu bilan yashang...
Harvard universitetida ma’lum talablar: IELTS, SAT xalqaro imtihonlari bor. IELTS’dan 8 ball, SAT imtihonidan 1540 ballni qo‘lga kiritganman va eng ilk qadamni qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlar ham aynan shu imtihonlarni topshirib, aynan shu talablarni qondirishlari kerak bo‘ladi.
Endi yoshlarga maslahatim, bugun Harvard talabasi bo‘lgan o‘quvchi sifatida, oddiy bir o‘zbek qizi sifatida sizlarga aytadigan gapim bor. Eng muhimi orzu bilan yashang. Orzuyim Harvardga kirish bo‘lgan. Aynan orzu ortidan ergashdim va nasib qildi, shunga erishdim. Orzungiz shunchalik kuchli bo‘lsinki, u tunlari sizni uxlatmasin. Aynan o‘sha orzuga erishish uchun harakat qiling. Orzu shunchalik kuchli bo‘lsin, unga bog‘lanib qoling. Albatta bir kun unga erishasiz. Xoh Harvard bo‘lsin, xoh boshqa nufuzli universitet. Eng muhimi harakatdan to‘xtamang, niyat qilishdan to‘xtamang.
To‘liq intervyuni Kun.uz'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Mavzuga oid
19:42 / 21.12.2025
Farg‘onada jamoat tartibini buzgan ayollar ma’muriy javobgarlikka tortildi
11:00 / 11.12.2025
Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga hukm o‘qildi
08:22 / 05.12.2025
Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlandi
14:10 / 02.12.2025