Jahon | 14:00 / 23.12.2025
1042
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada WhatsApp messenjeri ishi 70–80 foizga sekinlashtirildi

Roskomnadzor bildirishicha, WhatsApp ishini cheklash davom etmoqda, chunki bu messenjer “RFda terroristik harakatlar uchun ishlatiladi”. “Sboy.rf” xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 22 dekabr kuni shikoyatlar miqdori bir necha barobar oshgan.

Foto: Yui Mok/dpa/picture alliance

Rossiya aholisi WhatsApp messenjeridan foydalanishda ommaviy tarzda muammolarga duch keldi. “Sboy.rf” xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni, 22 dekabr, Moskva vaqti bilan soat 18:00 holatiga kelib, ilova ishi bo‘yicha 4000 tadan ortiq shikoyat kelib tushgan. Bir kun avval bunday shikoyatlar 891 ta, 20 dekabr kuni esa 226 ta bo‘lgan. Eng ko‘p shikoyatlar Moskvadan (umumiy soning 56 foizi), Sankt-Peterburgdan (13 foiz) va Moskva viloyatidan (7 foiz) yuborilgan. Jami bo‘lib muammolar haqida RFning Yevropadagi qismidagi 19 ta hudud hamda qo‘shib olingan Qrim aholisi xabar bergan.

RBK agentligining telekom-bozordagi manbasi so‘zlariga ko‘ra, 22 dekabrdan Roskomnadzor messenjer ishini “70–80 foizga” sekinlashtirgan, Rossiya aloqa bozori operatorlarining esa bu nosozlikka aloqasi yo‘q. Rossiyaliklar murojaatlaridan kelib chiqsa, WhatsApp’da ogohlantirishlar to‘g‘ri ishlamay qolmoqda, yuklanish paytida “qotib qolish” holatlari kuzatilmoqda, matnli xabarlarni yuborish esa qiyinlashgan.

O‘z navbatida, Roskomnadzor messenjer “RFda terroristik harakatlar va firibgarlik uchun ishlatiladi”, degan fikrni yana bir bor ta’kidladi. Idora WhatsApp’ga nisbatan joriy etilgan “cheklov choralari” sabablarini tushuntirar ekan, shunday dedi: “WhatsApp Rossiya qonunchiligini buzishda davom etmoqda. Messenjer mamlakat hududida terroristik harakatlarni tashkil etish va o‘tkazish, ularning ijrochilarini yollash, firibgarlik va fuqarolarimizga qarshi boshqa jinoyatlar uchun ishlatiladi”.

Rossiya hokimiyati bosimi kuchayayotganiga qaramay, WhatsApp Rossiyada hanuz eng ommabop messenjer bo‘lib qolmoqda. Rossiyaning Mediascope tadqiqot kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil avgust oyida mamlakatda WhatsApp’ning 97 mlndan ortiq unikal foydalanuvchisi bo‘lgan — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 6 mlnga ko‘p.

Shu bilan birga, rossiyaliklarning ayrim toifalariga o‘rnatishga majbur qilinayotgan mahalliy MAX messenjerining dekabr o‘rtalaridagi o‘rtacha kunlik auditoriyasi bor-yo‘g‘i 45 mln foydalanuvchini tashkil etgan.

28 noyabr kuni RKN, idora ta’kidlashicha, Rossiya qonunchiligini buzishda davom etayotgan WhatsApp Rossiyada to‘liq bloklanishi mumkinligini ogohlantirgan. WhatsApp’ga nisbatan yangi cheklov choralari joriy etilishi bilan bir vaqtda Roskomnadzor foydalanuvchilarga “milliy servislarga o‘tish”ni tavsiya qilgan. O‘sha kuni Rossiyaning bir qator hududlarida foydalanuvchilar WhatsApp ishida yana ommaviy uzilishlar va nosozliklar bo‘layotganini xabar qilgan.

Shu bilan birga, WhatsApp’dan kamida ayrim yuqori lavozimli Rossiya mansabdorlari faol foydalanishda davom etmoqda. “Kommersant” gazetasiga Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Ukrainadagi urush haqida AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan bo‘lgan telefon suhbati sizib chiqqani yuzasidan bergan izohida aytishicha, Moskva ba’zan Vashington bilan WhatsApp orqali ham muloqot qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid