Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Titov: 2026 yilda Rossiyaga ishlash uchun 40 ming hindistonlik keladi
RF prezidentining maxsus vakili Boris Titov Rossiyaga Hindistondan mehnat muhojirlari oqimi kelishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning bahosiga ko‘ra, bu qisman ishchi kuchi tanqisligini yopishga yordam beradi.
2026 yilda Rossiyaga Hindistondan kamida 40 ming nafar mehnat muhojiri kelishi mumkin. Bu haqda “RIA Novosti” agentligiga bergan izohida Rossiya prezidentining barqaror rivojlanish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Boris Titov xabar qildi. Titovning aytishicha, Hindiston bilan hamkorlik Rossiyadagi ishchi kuchi yetishmasligini qisman qoplashi mumkin.
Titov, shuningdek, so‘nggi yillarda Rossiya ish beruvchilarining hindistonlik muhojirlarga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mutaxassislar oqimi Rossiya iqtisodiyoti uchun muhim. Agar 2022 yilda Hindiston fuqarolariga taxminan 8 mingta ishlash ruxsatnomasi berilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 14 mingtaga yetgan, 2024 yilda esa 36 mingtagacha ko‘paygan.
Joriy yilda vizali mamlakatlardan ishchi jalb qilish uchun umumiy kvota qariyb 235 ming kishini tashkil etadi, shundan taxminan 72 ming o‘rin aynan Hindiston fuqarolari uchun ajratilgan. Hindiston uchun mehnat migratsiyasi valuta tushumlarining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi: 2024 yil yakunlariga ko‘ra, xorijdan Hindistonga pul o‘tkazmalari hajmi 129 mlrd dollarga yetgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqin besh yil — 2026–2030 yillar uchun migratsiya siyosati rejasini tasdiqladi. U imzolagan tegishli farmon chorshanba kuni, 15 oktyabrda e’lon qilingan. Hujjatda, xususan, Rossiyaga ishlash uchun keladigan muhojirlar soni 2030 yilgacha o‘sib borishi aytilgan va bu ko‘p jihatdan RF iqtisodiyotining xorijiy ishchilarga bo‘lgan ehtiyoji bilan izohlangan. Muhojirlarni jalb qilishga yordam beradigan omillar qatorida “an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni saqlash va mustahkamlash”ga qaratilgan davlat siyosati ham tilga olingan.
Shu bilan birga, hokimiyatlar migratsiya siyosati milliy xavfsizlikka “yangi chaqiriqlar va tahdidlar” paydo bo‘lishini ham hisobga olishi kerakligini qayd etmoqda. Ular muhojirlar bilan ishlaydigan ish beruvchilarning javobgarligini oshirishni, shuningdek, kelganlarni nazorat qilish uchun raqamli va biometrik tizimlarni rivojlantirishni talab qilmoqda.
Mavzuga oid
16:23 / 11.06.2026
Armaniston hukumati geosiyosiy kursini o‘zgartirish uchun xalqdan mandat oldi - siyosatshunoslar
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
18:53 / 10.06.2026
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
08:45 / 09.06.2026