Jahon | 13:49
1472
4 daqiqa o‘qiladi

Garri Kasparov Rossiya sudi tomonidan yana sirtdan hibsga olindi

Garri Kasparov RFda “terrorizmni oqlash” ishi bo‘yicha sirtdan hibsga olindi. Mazkur modda 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi. Kasparov xorijda yashaydi, Rossiyaga 10 yildan ortiq vaqtdan beri kelmagan.

Foto: Peter Klaunzer / EPA / TASS

Moskva shahri Zamoskvoretskiy tuman sudi xorijdagi Rossiya muxolifati vakillaridan biri, shaxmat bo‘yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparovni “axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, jumladan internetdan foydalangan holda terrorizmni omma oldida oqlash” ayblovi bilan sirtdan hibsga oldi. Bu haqda sud qaroridan iqtibos keltirgan holda 23 dekabr, seshanba kuni Rossiya davlat agentligi TASS xabar berdi.

“Sud Kasparovga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida Rossiya hududida ushlangan yoki Rossiyaga ekstraditsiya qilingan paytdan boshlab ikki oylik muddatga sirtdan hibs chorasini tanladi”, — deyiladi xabarda. RF JKning mazkur moddasi 5 yildan 7 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

Muxolifatchiga qo‘yilgan ayblov tafsilotlari hozircha ma’lum emas, biroq ehtimol u Kasparovning Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani bilan bog‘liq. Ehtiyot chorasi Kasparov Rossiyada ushlangan yoki mamlakat hududiga ekstraditsiya qilingan paytdan kuchga kiradi. Sobiq jahon chempioni Rossiyaga 10 yildan ortiq vaqtdan beri kelmagan.

Kasparov rasmiy shaxmat musobaqalarida qatnashmaydi, ammo bu sport turini kuzatib boradi va yosh sportchilarni, jumladan Ukrainadan bo‘lganlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. U AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati harakatlarini keskin tanqid qilib, uni Rossiya bilan hamkorlikda ayblaydi.

Rossiya sudlari Garri Kasparovni sirtdan hibsga olish haqidagi qarorni ikkinchi marta qabul qilmoqda. 2024 yil aprelida Siktivkardagi sud uni “terroristik jamoa tuzish” ishi bo‘yicha sirtdan hibsga olgan edi — gap Kasparov faol qatnashadigan “Erkin Rossiya forumi” haqida ketgan. U 2022 yil may oyida RF Adliya vazirligi tomonidan “chet el agentlari” reyestriga kiritilgan.

Rossiyalik yana bir taniqli muxolifatchi Vladimir Kara-Murza 12 dekabr kuni kutilmaganda Rossiya Urushga qarshi qo‘mitasi tarkibidan chiqqan. U mazkur qo‘mita tashkil etilgan 2022 yil fevraldan beri unda a’zo bo‘lib kelgan. “Siyosiy kurash usuli sifatida qo‘pollik va past shaxsiy haqoratlarni maqbul deb biladigan Garri Kasparov bilan bir tashkilotda qolishni mumkin deb hisoblamayman”, — degan Kara-Murza.

Bu voqeadan oldin Parijdagi restoranda ular o‘rtasida janjal bo‘lib o‘tgan. Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, sobiq jahon chempioni Kara-Murzani “kam o‘tirib chiqqanlik”da va uning qamoqda bo‘lgani “piar-aksiya” bo‘lganida ayblagan. Kara-Murza bilan Kasparov o‘rtasida aynan nima bo‘lganini na siyosatchilarning o‘zlari, na qo‘mita vakillari tushuntirgan.

Janjalning ayrim tafsilotlarini uning guvohlaridan biri — jurnalist va “Erkin Buryatiya” jamg‘armasi asoschisi Aleksandra Garmajapova bayon qilganini “Meduza” nashri xabar qiladi. Uning aytishicha, janjaldan oldin Mixail Xodorkovskiy uyushtirgan 11 dekabr kungi kechki ovqatda muxolifatchilar YeKPA huzurida Rossiya demokratik kuchlari platformasini tuzishni muhokama qilgan — uni 2026 yil yanvar oxirigacha shakllantirish rejalashtirilgan.

Mojaro esa Kasparov Kara-Murzadan nega Rossiya birlashgan demokratik kuchlarining “Berlin deklaratsiyasi”ni imzolashdan bosh tortayotganini so‘raganidan keyin kelib chiqqan. Ushbu deklaratsiyada, jumladan, Ukrainaga qarshi urush uchun Rossiyaning mas’uliyati qayd etiladi va Qrim Ukraina hududi sifatida tan olinadi.

Mavzuga oid